Xotin-qizlarning huquqiy manfaatlari davlat himoyasida

17 dekabr kuni Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida Oliy ta’lim muassasalarining Xotin-qizlar qo‘mitasi boshlang‘ich tashkiloti rahbarlari ishtirokida “Xotin-qizlarning huquqiy manfaatlari davlat himoyasida” mavzusidagi seminar trening o‘tkazildi.


Tadbir BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tashkillashtirildi.


Seminarning maqsadi “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi va “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunlar mazmun-mohiyatini tushuntirishga qaratildi.


Tadbirda Elmira Basitxanova (O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi), Ashiti Mittal (BMTning Narkotiklar va jinoyatga qarshi kurashish boshqarmasining Markaziy Osiyodagi vakili), Sayyora Baratova (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi v.b.), Dilorom Tashmuxammedova (Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-tadqiqot markazi direktori, Senator), Umida Abdullaeva (O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari), Nasiba Miradilova (Respublika reabilitatsiya va moslashtirish markazi rahbari) qabul qilinayotgan chora-tadbirlar mamlakatning barcha hududlari va xotin-qizlarning barcha toifalarini qamrab olishi kerakligini va bu borada oliy ta’lim tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan ayollar faol bo‘lishi lozimligi xususida fikr yuritdilar.


Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish borasidagi institutsional va xuquqiy o‘zgarishlar, bu borada amalga oshirilayotgan ijtimoiy siyosatning dastaklari haqida axborot berildi.


Ayniqsa, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida” va “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlarning bajarilishini ta’minlash uchun Oliy ta’lim muassasalarida yo‘l xaritalarini qabul qilish, shuningdek, gender tenglik bo‘yicha milliy strategiya doirasida rejalar ishlab chiqish zarurligi uqtirildi.


Xususan, “hech kimni ortda qoldirmaslik” tamoyilini hisobga olgan holda, har xil kamsitish shakllariga moyil bo‘lgan xotin-qizlarning holatiga alohida e’tibor berish shartligi ta’kidlandi.


Yig‘ilish ishtirokchilari e’tiboriga Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida hamda Ayollardan tazyiqdan himoya qilishga bag‘ishlangan videoroliklar havola qilindi.


Shuningdek, BMT ekspertining treningi, savol-javoblar, bahs-munozalar o‘rin oldi.

Seminar ishtirokchilari kofe-brek vaqtida fikr almashish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.  Seminarda faol ishtirok etgan qatnashchilarga sertifikatlar topshirildi.

Axborot xizmati