Sayyora Baratova: Ayol zoti tabiatning nozik xilqati, deb ta’rif berilishi bejiz emas. Haqiqatan xotin-qizlar e’tibor va himoyaga doim ehtiyoj sezadi

Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida «Xotin-qizlarning huquqiy manfaatlari davlat himoyasida” mavzusida o‘tkazilayotgan respublika seminar-treningda Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi Sayyora Baratova ishtirok etdi.

Seminar ishida Sayyora Baratova ma’ruza qildi va xotin-qizlarni himoyalash mexanizmini kuchaytirish maqsadida qabul qilingan “Xotin-qizlarni tazyiqlar va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga batafsil to‘htaldi.

Qonun bilan joriy etilgan tayanch tushunchalar to‘g‘risida ma’lumot berdi. Ayniqsa, zo‘ravonlik, jinsiy, jismoniy, iqtisodiy, ruhiy zo‘ravonliklar, ish joyi, tazyiq, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchi, tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish, tazyiqlar va zo‘ravonlikning oldini olish, muhofaza orderi kabi tushunchalarning mazmun-mohiyati ochib berdi.

– Endilikda tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchi o‘ziga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik sodir etilgani yoki ularni sodir etish tahdidi to‘g‘risida ariza bilan tegishli vakolatli organlar hamda tashkilotlarga yoxud sudga murojaat etish huquqiga ega, -dedi Sayyora Baratova. – Qonun bilan davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari belgilandi. Jumladan, xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish sohasidagi gender siyosati yuritiladi. Jamiyatda xotin-qizlarga nisbatan tazyiqlar va zo‘ravonlikka nisbatan murosasizlik muhiti yaratiladi.

Notiq o‘z so‘zida, xotin-qizlarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari tazyiqlar va zo‘ravonlikdan himoya qilinishi ta’minlash haqida so‘z ketar ekan, xotin-qizlar bilan bog‘liq bo‘lgan barcha davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining xotin-qizlarni tazyiqlar va zo‘ravonlikdan himoya qilish sohasidagi vakolatlari belgilanishini uqtirdi.

Ma’ruza ochiq muloqot shaklida davom etdi.

Axborot xizmati