Biznesda muvaffaqiyat/sizlik omillari

12 dekabr kuni «Deli», «Office Market» kompaniyalari asoschisi hamda minglab tadbirkorlarni o‘ziga jalb qila olgan «MFactor» loyihasining mualliflari Xasan va Xusan Mamasaidovlar talabalar bilan uchrashdi.


Yoshlarni tadbirkorlik faoliyatiga yanada kengroq jalb qilish, ularning bandligini ta’minlash, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga dahldorlik tuyg‘ularini yanada shakllantirish maqsadida davom etayotgan «Biznes loyihasini tuzish yo‘llari » mavzusidagi ochiq muloqotda Xasan va Xusan Mamasaidovlar qanday qilib boshlang‘ich mablag‘siz biznes boshlashni, talabalik davrlarini, qanday qilib tadbirkor bo‘lganligi, hayotdagi ustozi kimligi to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar berdilar.


«3 ta aka-uka har xil sohalarda faoliyat olib borar edik. Topganimiz o‘zimizdan ortmas edi. Keyin otamni bir og‘iz «Birlashib katta kuch bo‘lishimiz kerak! Qo‘limizni musht qilib, umumiy faoliyat olib boramiz» degan gaplaridan so‘ng biznesimiz yuqorilarga ketishni boshladi. Birinchi bo‘lib audiozapis yozilgan kasetalar sotishdan boshladik. Bir so‘mni ikki so‘m qilib boshqa sohalarda birgalashib xarakatni davom ettirdik. Xozirda «Deli» mahsulotlari yo‘q tashkilotni, kanstovar magazinni o‘zi yo‘q. «Dekos» xizmatlaridan foydalanmagan katta va kichik korxonalar deyarli qolmadi. «Office Market» taklifnomalari qaysi to‘yga bormay, odamlarni qo‘lida ko‘rib ishimizga bo‘lgan g‘urur oshib boraveradi. Bularni barchasining tagida judayam ko‘p mehnat va aniq maqsad yotadi» – deb ta’kidlab o‘tdi Xasan Mamasaidov

Yoshlarda tadbirkorlikka bo‘lgan qiziqishlari ushbu tadbirdan keyin yanada ortdi. Tadbirda so‘zga chiqqanlar talabalar bunday tadbirlar yosh tadbirkorlar yoki o‘z biznesini boshlash istagida bo‘lgan yoshlar uchun katta maktab bo‘lishligini e’tirof etdilar.

Uchrashuv o‘zining dolzarb va ahamiyatli mavzusi, shuningdek, qizg‘in muzokaralarga boy bo‘lgani bilan barchada katta qiziqish uyg‘otdi. Tadbir davomida talaba-yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob oldilar.

Axborot xizmati