“Ko‘priklar va tonnellar” kafedrasi mutaxassislarni tayyorlashga tizimli yondashmoqda

Prezident topshiriqlarining ijrosini ta’minlash maqsadida Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti “Ko‘priklar va tonnellar” kafedrasi loyihachi mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha bir necha bosqichli ishlarni amalga oshirmoqda.

Zamonaviy megapolislarning rivojlanishida loyihalash jarayoniga kreativ yondashuv alohida ahamiyat kasb etadi. Shaharning zamonaviy qiyofasini yaratishda loyihalanayotgan ob’ektlarga texnik, estetik va inshootlarning uyg‘unligi bo‘yicha bir qator talablar qo‘yiladi.

Xususan, Prezident Shavkat Mirziyoev ham Toshkent shahri va butun respublika bo‘ylab qurilish ob’ektlariga tashrifi mobaynida loyiha ishlarini optimizatsiyalash masalasiga jiddiy e’tibor qaratmoqda. Toshkent shahridagi qurilish ob’ektlariga tashrifi mobaynida mamlakat rahbari avtomobil yo‘llari va ko‘priklarni qurish bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarini xalqaro talablar darajasida ishlab chiqilishini ta’minlash maqsadida Yaponiya va Germaniya davlatlarining kompaniyalari bilan yangi loyiha institutini ochish hamda unga yosh, amaliy ish tajribasiga ega, zamonaviy fikrlashga qodir bo‘lgan mutaxassislarni jalb qilish vazifasini qo‘ygandi.

Prezident topshiriqlari ijrosini ta’minlash maqsadida Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti “Ko‘priklar va tonnellar” kafedrasi loyihachi mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha bir necha bosqichli ishlarni amalga oshirmoqda.

Birinchi bosqichda kafedra professor-o‘qituvchilari qurilish konstruktsiyalarini hisoblashga mo‘ljallangan LIRA dasturiy ta’minoti kompleksida ishlash bo‘yicha talabalarga amaliy ko‘nikmalarni o‘rgatishdi. Ushbu kafedra bitiruvchilari hozirda respublikadagi etakchi loyiha institutlarida faoliyat ko‘rsatmoqdalar.

Ikkinchi bosqichda Sankt-Peterburgdagi “Giprostroymost”AJ loyihachi mutaxassislari ishtirokida kafedra talabalariga Midas Civil dasturiy ta’minotida ishlash bo‘yicha 3 oylik o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etildi.

Uchinchi bosqichda Sankt-Peterburgdagi PSS GRAYTEK kompaniyasi bosh direktori o‘rinbosari B.A. Vorobьev tomonidan SOFISTIK dasturiy majmuasida bino va transport inshootlarini konstruktiv loyihalash bo‘yicha onlayn vebinar o‘tkazildi. Vebinar davomida BIM texnologiyalari asosida ko‘priklar va tonnellarni loyihalashda hisobiy chegaraviy element modellarini muhandislik inshootlari, geotexnik va gidrodinamik tahlillash ishlariga zamonaviy EvroKOD me’yoriy xujjatlarini tatbiq etish masalalari ko‘rildi. Tinglovchilarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob berildi. Talabalarga dasturiy ta’minotning bepul o‘quv versiyasidan foydalanish imkoniyati taqdim etildi.

Shuningdek, PSS GRAYTEK kompaniyasi rahbariyati talabalarni o‘qitish sifatini oshirish va yosh ilmiy tadqiqotchilarning faoliyatini tashkil etishda hamkorlik qilishga tayyorligini qayd etdi. Onlayn vebinarlarni loyihachi tashkilotlar uchun o‘tkazib berish imkoniyati mavjudligini bildirdi.

2020 yilning yanvarida kompaniya mutaxassislarining Toshkentga SOFISTIK dastruriy majmuasida ishlash bo‘yicha master-klass o‘tkazish bo‘yicha ishchi tashrifga hozirlik ko‘rilayotgani va 20 nafar talaba va tadqiqotchilarni o‘qitish ko‘zda tutilayotgani qayd etildi.

“Ko‘priklar va tonnellar” kafedrasi loyihachi mutaxassislarni tayyorlashga mo‘ljallangan ko‘p bosqichli faoliyatini davom ettirmoqda. Bu orqali mamlakatimiz qurilish industriyasiga zamonaviy fikrlashga qodir bo‘lgan loyihachi mutaxassislarni etishtirib berish ko‘zda tutilgan.

Manba: “Ko‘priklar va tonnellar” kafedrasi axboroti