Yoshlarning faolligi jamiyat taraqqiyotiga xizmat qiladi

3-dekabr kuni Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida fuqarolarning saylov huquqlari kafolatlari, saylovlarning demokratik jamiyatni shakllantirishdagi ahamiyatini yoshlarga tushuntirishga qaratilgan davra suhbati o‘tkazildi.


Mamlakatimizda muhim siyosiy voqea — Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov kampaniyasi tobora qizg‘in bosqichga ko‘tarilmoqda. Yosh saylovchilarning huquqiy va siyosiy bilimi, madaniyatiga e’tibor qaratish, saylovda ilk bor ovoz beradigan yoshlarni saylov qonunchiligidan xabardorligini ta’minlash, o‘z ovozlari mamlakat taraqqiyotida qanday ahamiyatga egaligini anglatish maqsadida tashkil etilgan navbatdagi tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbaev ishtirok etdi.


Dastlab, institut Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor Dilshod Baratov saylovlarda yoshlarning ishtiroki borasida so‘z yuritdi. Deputat Rasul Kusherbaev, davlatchilikni boshqarish hokimiyatlar bo‘linishi printsiplariga asoslangan holda tashkil etilganligini, bular qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatlaridan iborat ekanligini, fuqarolarning saylov huquqi davlatimizning bir qancha normativ huquqiy hujjatlari bilan kafolatlanishini bildirib, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida saylov huquqini amalga oshirishga oid ustuvor qonun normalari belgilab berilganligini qayd etdi.


Muloqotda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining qator moddalarida O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari saylash va saylanish huquqiga ega ekanligini, ovoz berish huquqi, o‘z xohish-irodasini bildirish tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlanishi ta’kidlandi.


Joriy yilgi saylovlarning yangi qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi asosida o‘tkazilayotgani saylovlarning demokratik tamoyillar asosida ochiqlik, oshkoralik va shaffof tarzda o‘tishi bilan birga, siyosiy partiyalar oldiga ham dolzarb vazifalarni qo‘yayotgani bilan yanada ahamiyatligi qayd etildi.


– Bu yil mamlakat parlamenti va xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga saylovlarda ilk bor ishtirok etaman, – deydi FQB-1 gurux talabasi E’zoza Qudratova. – Institutimizda saylovoldi targ‘ibot tadbirlarida ishtirok etib bo‘lajak saylovlar to‘g‘risida bilimimni ancha boyitdim. To‘g‘risi, men va institutimizdagi tengdoshlarim kimlarning deputat bo‘lishiga, parlamentda eng ko‘p o‘rinni qaysi partiya egallashiga befarq emasmiz. Chunki saylov yakunlari mamlakatimiz hayoti, biz yoshlarning kelajagi uchun nechog‘li muhim ekanligini yaxshi bilamiz.
Tadbir ochiq muloqot va savol-javoblar asosida tashkil etildi.

Axborot xizmati