Bayrog’im – sha’nim, g’ururim!

“O’zbekiston Respublikasi davlat bayrog’i qabul qilingan kun”i munosabati bilan talaba yoshlarda vatanga sadoqat, mamlakat tarixi va millat qadriyatlariga hurmat hamda insoniylik tuyg’ularini shakllantirish maqsadida Toshkent temir yo’l muhandislari institutida “Bayrog’im – sha’nim, g’ururim!” nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo’lib o’tdi.

Tadbirni institut yoshlar bilan ishlash bo’yicha prorektor Baratov Dilshod Xamidullaevich ochib berdi hamda institut jamoasini bayram bilan muborakbod etdi. Marosim ochilishida 7531-harbiy qism orkestri tomonidan davlatimiz madhiyasini jonli ijro etilgani tadbir ishtirokchilari qalbidagi hayajonga sabab bo’ldi.

Bayramda mehmon sifatida “O’zbekiston temir yo’llari”AJ  yoshlar yetakchisi O.Sadriddinov tashrif buyurib, talabalarni bayram bilan tabrikladi hamda kelgusi, yosh temiryo’lchilar hayoti va faoliyatiga doir loyihalar bo’yicha ma’lumot berib o’tdi.

Tadbirda talabalar ham faol ishtirok etib, davlat bayrog’imizning tasviri, uning mohiyati, undan foydalanish qoidalari haqidagi bilimlarini namoyish etib, o’z chiqishlarida fikr-mulohazalari bilan yig’ilganlarga manzur bo’ldi.

Shuningdek, institut miqyosida “Bayrog’im – sha’nim, g’ururim!” mavzusida insholar tanlovi o’tkazilishi ham e’lon qilindi. Tanlov g’oliblari 19 noyabr` kuni aniqlanadigan bo’ldi.

Manba: Axborot xizmati