Tanlagan kasbiga sodiqlik namunasi

Tursunov Shukurali Exsonovichni “O‘zbekiston temir yo‘llari” aktsiyadorlik jamiyatiga qarashli korxonalarda va Toshkent temir yo‘l muhandislari  institutida  ko‘pchilik  taniydi  va  hurmat  qiladi.

U kishi shu yilning 17 noyabr kuni “Xalqaro talabalar kuni” arafasida muborak 60 yoshga to‘ldilar. “Temir yo‘l sohasiga 1975 yilda kelganman”, deya hikoya qiladi suhbatdosh-yubilyarimiz. O‘sha yili, Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanidagi 25-maktabning 8-sinfini muvaffaqiyatli tamomlab, Toshkent temir yo‘l transporti texnikumining “Izotermik vagonlar va sovutish xo‘jaligi” fakultetiga o‘qishga qabul qilindim. Texnikumda ta’lim olish davomida temir yo‘l texnikasining sir-asrorlarini chuqur o‘rgandim va bu bilimlar kelgusi hayotimda juda ham asqotdi.

Texnikumda o‘qish davrida ko‘plab do‘stlar orttirdim, el qatori 1975-1978 yillarda bir necha marta Jizzax va Toshkent viloyatida paxta yig‘im-terimida faol qatnashdik, 1976 yilda “Qizil O‘zbekiston” jamoa xo‘jaligiga qishloq xo‘jalik ishlarida yaqindan yordam berdik, 1977-1978 yillarda Toshkent metropoliteni qurilishidagi hasharlarda ham faol qatnashdik. 5-oylik ishlab chiqarish amaliyotimni o‘sha paytlarda faoliyat ko‘rsatgan Qo‘qon muz zavodida o‘tadim, ammiakli sovutish qurilmasi mashinisti yordamchisi bo‘lib  ishladim, mehnat jamoasi bilan hamnafas  bo‘ldim, deya  xotirlaydi  yubilyarimiz  Shukurali  domla.

“Xalqaro talabalar kuni”da tug‘ilganim sababli ekanmikan, hayotim mobaynida  doimiy  o‘qish-o‘rganishga  muyassar  bo‘ldim”, deydi  yubilyarimiz.

1979 yili texnikumni imtiyozli diplom bilan tamomlab, Leningrad temir yo‘l muhandislari institutiga o‘qishga kirdim, o‘qish davrida mexanika fakulteti kasaba uyushmasida hayotiy tajriba to‘pladim, ko‘plab mamlakatlardan do‘stlar va tanish-bilishlar orttirdim. U vaqtlarda Rossiya oliy ta’lim muassasalarida O‘zbekistondan juda kamchilik ta’lim olar edi, shuning uchun yaxshi o‘qishga va O‘zbekistonimiz sha’nini ko‘tarishga harakat qildim. 1982 yilda institut rektori E.Ya. Kraskovskiyning buyrug‘iga muvofiq “LIIJT a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandim va o‘qishning yakunigacha peshqadam talabalar safida bo‘ldim. O‘sha paytlarda o‘qish bilan birga jismoniy tarbiya va sport hamda mehnat tarbiyasiga alohida ahamiyat berilardi, agar “Mehnat va mudofaaga tayyor bo‘l” ko‘krak nishoni olinmasa, jismoniy tarbiya fanidan baho berilmas edi, men intilib, kumush nishon sohibi bo‘ldim, ikki yil klassik kurash sport sektsiyasiga qatnadim. Shuningdek, institutimizda o‘qish mobaynida  “Harbiy kafedra”da teplovozchilar va harakatni tashkil qilish kafedrasi talabalari bilan birgalikda 3-yillik harbiy tayyorgarlikni o‘tadik. O‘qish davrida, ya’ni 1979 yil kuzida Pskov viloyatidagi “Alfimkovo” sovxozida kanop va kartoshka hosilini yig‘ib-terib olishda qatnashdim, 1980 yil yoz oylarida Pskov shahrida ishlab chiqarish ob’ektlari qurilishida ikki oylik amaliyotda  bo‘ldim, 1981 yili iyul-avgust oylarida Baykal-Amur temir yo‘l magistrali qurilishida SMP-608ga qarashli “Avrora” talabalar qurilish otryadida “yo‘l montyori” kasbida ishladik va  shimoliy taygada  temir yo‘l qurilishining  o‘ziga xos  jihatlari bilan amaliy tanishdik. 1983 yili institutimizdan 10 nafar ilg‘or talabalar Germaniya Demokratik Respublikasiga temir yo‘l korxonalari  bilan  tanishuv  amaliyotiga  yuborildik  va bir oy  mobaynida bir qator temir yo‘l bekatlari, vagonsozlik, kransozlik  va  temir yo‘l texnikalarini  ta’mirlash  korxonalarida  bo‘ldik.

1982-1983 yillarda  yozgi ta’til davrida Qo‘qon vagon deposida ishlab chiqarish amaliyotida bo‘ldim va vagonsoz-chilangar sifatida mehnat qildim. O‘sha paytlarda depoda mavjud  ishlab chiqarish muammolarini sinchiklab o‘rgandim va ushbu muammolar diplom ishim uchun mavzu bo‘ldi Biz – V-905 guruhi sardori Kravchuk Volodya, talaba Rita Osipova va men Qo‘qon vagon deposini kompleks rekonstruktsiya qilish mavzusi  ustida izlanishlar olib bordik  va  birgalikda kompleks bitiruv-diplom  ishimizni muvaffaqiyatli himoya qildik. 1984 sentyabrida institutdagi tahsilni  va  Mga  shahrida temir yo‘l  batalьonida harbiy  yig‘inni tamomlab, Qo‘qon shahriga qaytib kelgach, Qo‘qon vagon deposiga brigadir sifatida ishga qabul qilindim. Vagon deposida 1984-1992 yillarda bir qator muhim vazifalarda ishladim, amaliy tajriba orttirdim, shu bilan birga, har shanba kunlari Qo‘qondan Toshkent temir yo‘l muhandislariga institutiga poezdda qatnab, falsafa bo‘yicha  kandidatlik  minimumini  topshirdim. Farzanlarim tug‘ildi  va  o‘qishni  to‘xtatishga  majbur  bo‘ldim.

Lekin, mehnat faoliyatim mobaynida ko‘plab malaka oshirish kurslarida  o‘qidim, uch  marta  Arxangelsk , Ekaterinburg va Qo‘qon shahrida harbiy-amaliy  yig‘inlarda  qatnashdim,  ko‘plab  shaharlarda  xizmat  safarlarida  bo‘ldim.

 “Bir yigitga qirq hunar oz” deganlaridek, 1992-1995 yillarda O‘rta Osiyo temir yo‘liga qarashli Farg‘ona temir yo‘l bo‘limining moliya bo‘linmasida mehnat qildim, iqtisodiy bilimlarimni oshirish uchun ishdan keyin, kechki “Xalq universiteti”da buxgalterlik kasbiga o‘qidim, 1995 yili ishlab chiqarishdan ajralmagan holda Toshkent moliya instituti qoshidagi “Auditorlar tayyorlash” kursini bitirdim. O‘qish uchun sharoit yaratib berganligi  uchun o‘sha paytlardagi moliya bo‘limi boshlig‘i Mardon Qobulovichdan bir umrga minnatdorman. 1996 yil boshidan “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aktsiyadorlik temir yo‘l kompaniyasiga qarashli iqtisodiy xizmatda boshliq o‘rinbosari vazifasida, 2003 yildan 2005 yilgacha “O‘zbekiston temir yo‘llari” boshqaruv raisi yordamchisi, 2005-2011 yillarda Kapital qurilish direktsiyasida boshliq o‘rinbosari lavozimida ishladim, “Toshguzar-Boysun-Qumqo‘rg‘on” va “Navoiy-Uchquduq-Sultonuvaystog‘” temir yo‘l liniyalari va boshqa ob’ektlar qurilishlarida mas’uliyatli vazifalarda xizmat qildim. O‘sha paytdagi “O‘zbekiston temir yo‘llari” DATK boshqaruv raisi N.E. Ermetovdan juda minnatdorman, sababi, u kishining ruxsati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezdenti huzuridagi “Davlat va jamiyat qurilishi Akademiyasi”da 1998-1999 yillarda ishlab chiqarishdan ajralmagan holda o‘qib, o‘qishni muvaffaqiyatli tamomlab, temir yo‘l kompaniyasida  ishimni  davom  ettirdim. O‘qish yakunida Yaponiya  mamlakatida “Xizmat ko‘rsatish-servis darajasini oshirish” bo‘yicha  bir  oylik  stajirovkada  bo‘ldim, Yaponiya  pochtasi, temir yo‘l korxonalari, banklari, avtomobilь ishlab chiqarish va boshqa  korxonalar  faoliyati  bilan  yaqindan  tanishdim.

1986 yildan buyon bugungi kungacha bir qator rahbarlik lavozimlarida mehnat  qilib  keldim.

Temir yo‘l sohasidagi mehnatim va yutuqlarimga qiziqib, mening orqamdan, ukalarim ham temiryo‘lchilik kasbini tanlashdi: ukam Nurali vagonlarni ta’mirdan qabul qiluvchi, Sherali ukam aloqa va kompyuter bo‘yicha mutaxassis, Ergashali ukam temir yo‘l klubida qorovul va fotograf, jiyanlarim vagon kuzatuvchisi  va  elektropozd  mashinisti  yordamchisi  bo‘lib  ishlamoqdalar.

“To‘plagan bilimlar va hayotiy taribani yoshlarga o‘rgatish maqsadida 2012 yil boshidan buyon Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti moliya-iqtisod ishlari bo‘yicha prorektor sifatida faoliyat  ko‘rsatmoqdaman”, deya  hikoyasini  tugatdi  yubilyarimiz.

Yubilyarning kasbdoshlari bilan bo‘lgan suhbatda Sh. Tursunov bir qator shogirdlar etishtirganligini, ikki o‘g‘ilning otasi  va to‘rt nafar nabiraning bobosi ekanligini,  oliygohda ham harakatchan va o‘z kasbiga sodiq, talabchan rahbar sifatida tanilganligini, domlaning hatti-harakati bilan institutda ancha ishlar qilinganligini aytishdi. Shuningdek, domla birinchi bosqich talabalariga “Ishlab chiqarish-tanishuv amaliyoti”, ikkinchi bosqich talabalariga “Mashina va mexanizmlar nazariyasi”, uchinchi kurs talabalariga “Mashina detallari” fanlaridan amaliy dars berishini, to‘rtinchi kurs talabalarining vagon xo‘jaligi bo‘yicha  bitiruv-malaka ishlariga rahbarlik qilganligini aytishdi. Domla “Kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash Yo‘l Markazi”da iqtisodchi va buxgalterlar uchun investitsiyalar fanidan va gaz-elektr payvandchilar uchun  payvandlash jihozlari bo‘yicha ma’ruzalar o‘qiydi.

Keyingi yillarda Tursunov domla davlat tilida  buldozer va ekskavator mashinistlari, temirchi, termist, payvandchi, yuk ko‘tarish krani mashinisti va yuk iluvchisi, vagonlar nazoratchisi, temir yo‘l montyori, STsB elektromontyori va elektromexaniklari bilimlarini sinovdan o‘tkazish maqsadida bir qator ko‘rgazmali nazorat-test savol-javoblari TO‘PLAMlarini yaratdi va temir  yo‘l  korxonalariga  foydalanish  uchun  topshirdi. Hozirgi kunlarda lokomotiv mashinistlari va mashinist yordamchilari uchun nazorat-test savol-javoblari TO‘PLAMI ustida ishlamoqda.

Muborak 60-yoshni qarshilayotgan Tursunov Shukurali domlaga bundan keyingi ishlarida va serqirra ijodida katta yutuqlar, baxt-saodat  va  mustahkam sog‘lik-salomatlik  tilab  qolamiz.

Dilshod Baratov