Aholini ro‘yxatga olish Konsepsiyasiga bag‘ishlangan davra suhbati

1-noyabr kuni «Buxgalteriya hisobi va audit» kafedrasi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi mutaxassislari ishtirokida “2022 yilda o‘tkaziladigan aholini ro‘yxatga olish tartibi va O‘zbekistonning 9 oy yakunlari bo‘yicha statistik ko‘rsatkichlari” mavzusida davra suxbati o‘tkazildi.


Davra suxbatida ilg‘or ilm-fan yutuqlari va innovatsiyalarni joriy etishda, ijtimoiy- iqtisodiy faoliyat samaradorligi hamda barqarorlik holatini baholashda statistik ko‘rsatkichlarning o‘rni yuzasidan fikrlashildi.


Institut prorektori Abdulaziz Abdullaev uchrashuvning ahamiyatiga to’xtalib, fan va ishlab chiqarish itegratsiyasida axborot yig‘ishning samarali usullaridan foydalanish, ishonchli ma’lumotlar yig‘ish va olingan natijalarni to‘g‘ri tahlil qilishning ahamiyati beqiyosligini ta’kidladi.

Dastlab, qo‘mita mutaxassislari mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatning umumiy ko‘rsatkichlari hamda ilmiy izlanish uchun muhim sanalgan birlamchi ma’lumotlarni taqdimot shaklida xavola etdi.


Tadbir davomida milliy iqtisodiyotda innovatsion tendentsiyalarning ta’siri ortib borishi bilan jamiyatimizdagi demografik o‘zgarishlarning ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyati yil sayin kuchayotganligi ko‘rsatib berildi. O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi vakillari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida 2022 yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish kontseptsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar yuzasidan batafsil ma’lumot berdi.


Umumdavlat miqyosidagi keng ko‘lamli bu kabi tadbirlarni amalga oshirishda, aholini ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazishga tayyorlashda ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish zarurligi yuzasidan fikrlar almashildi.


Uchrashuv yakunida Davlat statistika qo‘mitasi rahbariyati va mutaxassislari institut professor-o‘qituvchilari va talabalari tomonidan berilgan savollarga batafsil javob berdi.

Manba: Axborot xizmati