Bakalavriat talabalarining XIV ilmiy anjumani o‘tkazildi

31 oktabr kuni institut bakalavriat talabalarining “TTYMI bakalavriat talabalarining yozgi amaliyot bo‘yicha XIV ilmiy anjumani” bo‘lib o‘tdi.

Anjuman ishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 3775-sonli qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash hamda talabalarda innovatsion fikrlashni shakllantirishga e’tibor qaratildi.


Anjumanning yalpi yig‘ilishida so‘zga chiqqan institut prorektori Abdulaziz Gulamov yoshlarga murojaatan: «Bu kabi anjumanlarni o‘tkazishdan asosiy maqsad Sizlar orqali ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini ta’minlashdagi muammolarni aniqlash bilan bir qatorda, yoshlar o‘rtasida o‘zaro ilmiy-ijodiy hamkorlik muhitini rivojlantirish, o‘zaro fikr-mulohaza va tajriba almashishlari uchun sharoit yaratib berish, yoshlarni fan-texnika taraqqiyoti yo‘lida birlashtirish va rag‘batlantirishdan iboratdir. O‘ylaymanki, anjumanda berilgan taklif va tavsiyalar kelgusida ishlab chiqarish amaliyotlarini takomillashuvida muhim ahamiyat kasb etadi», deya ta’kidladi.


Ushbu anjumanning maqsadi – talabalarni yozgi amaliyotning barcha yo‘nalishlarida olgan bilim va ko‘nikmalarini aniqlash, amaliy tadqiqotlar va ishlanmalar natijalarini muhoqama qilish imkoniyatini yaratish, ta’lim, fan va ishlab chiqarish integratsiyasini rivojlantirish masalalarini hal etishga bag‘ishlandi.


Yalpi yig‘ilishda Tashishni tashkil etish va transport logistikasi fakulteti 3-bosqich talabasi Bekzod Sa’dullaevning (rahbari: Muslima Axmedova) “Ko‘p guruhli poezdlarni tuzishda jahon tajribasi” mavzusidagi taqdimot hisoboti tinglandi. Taqdimotda jahon amaliyotida qo‘llanilayotgan ko‘p guruhli poezdlarning tuzish qurilmalarini «Chuqursoy» stantsiyasida foydalanish orqali saralash ishlarini tezlashtirish imkoniyatlari tahlil qilindi.


Anjuman 10 ta sho‘bada o‘z ishini davom ettirdi.
Anjumanda doirasida 174 nafar bakalavriat talabalarining yozgi amaliyot natijalari bo‘yicha hisobot ma’ruzalari tinglandi.

Manba: Iqtidorli talabalar bilan ishlash bo‘limi axboroti