Muruvvat ko‘ngildan boshlanadi

30 oktabr kuni Toshkent temir yo‘l muhandislari institutining majlislar zalida institut talabalari hamda “Mirobod” akademik litseyi o‘quvchilarini O‘zbekiston Qizil Yarim Oy Jamiyatining ko‘ngilli a’zoligiga qabul qilishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.


Tadbirni O‘zbekiston Qizil Yarim Oy jamiyati temir yo‘l mintaqaviy tashkiloti ijrochi direktori Dilafruz Karimova kirish so‘zi bilan ochdi va tashkilotning barkamol avlodni tarbiyalash, yoshlarning ma’naviy-intellektual dunyosini boyitish maqsadida o‘tkazilayotgan mazkur tadbir ahamiyati haqida gapirdi.


– Tashkilotimiz «O‘zbekiston temir yo‘llari» aktsiyadorlik jamiyati tasarrufidagi barcha korxona va tashkilotlarda mehnat qilayotgan va nafaqadagi yakka-yolg‘iz, kam ta’minlangan ko‘p bolali, boquvchisini yo‘qotgan oilalarga, faol va faxriylarga xizmat qiladi. – dedi Dilafruz Karimova. – Shu bilan birga aholini favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik ko‘rishga munosabat bildirish, dastlabki shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatishga o‘rgatishda, sog‘lom turmush tarzini shakllantirishda ham yetakchilik qilmoqda. Yoshlarni insonparvarlik va bag‘rikenglik ruhida tarbiyalash bilan birga aholi, xususan, yoshlar o‘rtasida halqaro gumanitar huquqiy bilimlari va turli dolzarb masalalar yuzasidan ma’naviy-ma’rifiy ishlarni amalga oshirmoqda.


O‘zbekiston Qizil Yarim Oy Jamiyatining “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ Personalni boshqarish va kadrlar tayyorlash boshqarmasi bilan hamkorlikda tuzilgan rejaga ko‘ra yosh temiryo‘lchilarda insonparvarlik, bag‘rikenglik, mehr-muruvvat tuyg‘ularini hamda har tomonlama barkamol avlodni shakllantirish, yoshlarni ma’naviy-intellektual dunyosini boyitish, milliy urf-odatlar, milliy qadriyatlarga hurmat ruhi bilan qarash maqsadida turli chora-tadbirlar amalgi oshirilib kelinmoqda.


Ta’kidlash joizki, Toshkent temir yo‘l muhandisligi instituti, Toshkent, Samarqand va Qo‘qon temir yo‘l transporti kasb-hunar kollejlari, Mirobod Akademik litseyining 6487 nafardan ziyod talaba va o‘quvchi yoshlari O‘zbekiston Qizil yarim oy jamiyati temir yo‘l mintaqaviy tashkilotining ko‘ngilli a’zolari hisoblanishadi.


Tadbir davomida 1-bosqich talabalarini jamiyat a’zoligiga qabul qilinishi munosabati bilan Murojaatnoma o‘qib eshittirildi. Yoshlar ushbu insonparvarlik, bag‘rikenglik va mehr-muruvvat tamoyillarini o‘zida mujassamlashtirgan faoliyat a’zosi bo‘lish tashabbusini qo‘llab-quvvatlashdi.


Shuningdek, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi etakchi mutaxassisi Kamoliddin Turaevning “Ommaviy madaniyatni yoshlar ma’naviyatiga ta’siri” mavzusidagi ma’ruzasi tinglandi Talabalar mavzu doirasida o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.


Tadbir so‘nggida “Mirobod” akademik litseyi direktor o‘rinbosari Malika Abdullaeva so‘zga chiqib, talabalarning o‘z bilim va iqtidorlarini namoyish etish uchun institutda yaratilayotgan shart-sharoitlar, bu kabi madaniy va ma’rifiy tadbirlarning ahamiyati, aynan O‘zbekiston Qizil Yarim Oy Jamiyati temir yo‘l mintaqaviy tashkilotining o‘qituvchi va talabalarini ma’nan qo‘llab-quvvatlab kelayotganligi hususida alohida to‘xtalib o‘tdi.

Manba: O‘zbekiston Qizil Yarim Oy Jamiyati temir yo‘l mintaqaviy tashkiloti axboroti