Fan va ishlab chiqarish integratsiyasi – innovatsion hamkorlikka yondashuv

29 oktyabr kuni Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti «Ko‘priklar va tonnellar» kafedrasi tomonidan «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ qurilish tashkilotlari vakillari ishtirokida  «Qurilishda zamonaviy geodezik jihozlarni qo‘llashning o‘ziga xos xususiyatlari» mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.

Seminarni o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Abdulaziz Gulamov ochib berdi. Prorektor A.A. Gulamov seminar ishtirokchilarini samimiy qutlar ekan, ishlab chiqarish va oliy ta’lim integratsiyasini ta’minlashda har bir kafedra mehnat bozoriga qanday xizmatlarni taqdim eta olishi muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlab o‘tdi. Har bir kafedra o‘z salohiyatidan to‘liq va unumli foydalanishi hamda kafedra moddiy-texnik bazasini muntazam boyitib borish lozimligi qayd etildi.


«Ko‘priklar va tonnellar» kafedrasi mudiri U.Z. Shermuhamedov seminar dasturi va ma‘ruzachilarni tanishtirdi. Kafedra faoliyatining joriy holati hamda kafedra taqdim etadigan xizmatlarning perspektiv yo‘nalishlari haqida ma’lumot berdi.


Anjuman davomida «Ko‘priklar va tonnellar» kafedrasi katta o‘qituvchisi B.V. Ziyavutdinov «Yangi geodezik asboblar va texnologiyalarni qurilishda qo‘llanilishini o‘quv jarayonida o‘rgatish» mavzusida ma‘ruza qildi. B.V. Ziyavutdinov kafedradagi mavjud geodezik asbob-uskunalar, kafedrada faoliyat olib borayotgan mutaxassislar hamda kafedra taqdim eta oladigan geodezik xizmatlar reglamenti haqida ma’lumot berdi.


Kafedra katta o‘qituvchisi, Toshkent metropoliteni Yunusobod liniyasi bosh geodezisti A.M. Xakimov «Tonnellar va metropolitenlar qurilishida marksheyderlik ishlarini elektron taxeometr va elektron teodolitlar orqali amalga oshirish» mavzusida taqdimot qildi. Taqdimotda Yunusobod liniyasi ikkinchi bosqichi qurilishi mobaynida olib borilayotgan marksheyderlik ishlari va foydalanilayotgan elektron taxeometrlarni namoyish qildi.


Kofe-breyk mobaynida seminar ishtirokchilari o‘zaro muloqot qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar va o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
Seminarning ikkinchi qismi o‘quv poligonida davom etdi. Seminar ishtirokchilari va mexmonlarga elektron taxeometr va teodolitlar orqali amalga oshiriladigan geodezik ishlar ko‘rsatib berildi. Kafedra professor-o‘qituvchilari Z.M.Mirzayeva, F.Z. Zokirov sun’iy inshootlarni qurishda foydalaniladigan lazerli va elektron dalnomerlarda master-klass o‘tkazib berishdi.

Sh.U. Normurodov, R.H. Mukarramov va A.B. Karimovalar bino va inshootlar qurilishida geodezik ishlarni elektron taxeometr va teodolitlar yordamida bajarish bo‘yicha laboratoriya mashg‘uloti ko‘rsatishdi. S.S. Saidmuratov va S.H. Qodirovlar sun’iy inshootlar ekspluatatsiyasida optik nivelirlardan foydalanish bo‘yicha master klass o‘tkazdilar.


Seminar so‘nggida «Ko‘priklar va tonnellar» kafedrasi taqdim etadigan xizmatlar bo‘yicha ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob berildi. Kelgusidagi loyihalarni amalga oshirishda o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvlar bo‘lishi kutilmoqda.

Manba: «Ko‘priklar va tonnellar» kafedrasi axboroti