Qizlarga «gap otish» ruhiy zo‘ravonlik deb baholanadimi?

Har qanday jamiyatning madaniy darajasi hamda ma’naviy yetukligi ayollarga munosabat qanday ekanligi bilan belgilanadi. Xotin-qizlarni hurmat qilish, faoliyatini munosib baholash, ularga barcha masalalarda ko‘maklashish qadimdan xalqimizga xos xususiyatlardandir. XXI asrda ham ayrim mamlakatlarda xotin-qizlarning ta’lim olish huquqidan mahrum bo‘lgani holda O‘zbekistonda xotin-qizlarga demokratik davlatlar uchun xos bo‘lgan barcha huquq va erkinliklar taqdim etilgan.
Xotin-qizlarning huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish borasida bir qator qarorlar qabul qilindi. Transport vaziri Achilboy Ramatov ayollarning intellektual imkoniyatlarini temir yo‘l tizimiga yanada kengroq jalb etish va kelgusida talabalikka ko‘proq qizlarni qabul qilish kerakligi to‘g‘risida ko‘rsatmalar bergandi.
Bugungi kunga kelib, institutda 400 dan ortiq ayol-qizlar tahsil olmoqda. Talaba qizlarga yaratilgan shart-sharoit xavas qilgulik, desam hech mubolag‘a bo‘lmaydi. Qizlarimizga hunar o‘rgatish maqsadida joriy o‘quv yilidan tikuv kurslari ish boshlaganligi quvonarli hol. Yaratilgan shart-sharoitlar bilan bir qatorda qizlarga bo‘lgan munosabatning oqilligi ayol-qizlar borasida olib borayotgan ishlarimizning to‘kisligini belgilab beradi. Biroq ayrimda yigitlarimizning institut yo‘laklarida qizlarimizni xijolat qiladigan gaplar ishlatayotganligini uchratib qolamiz.
Vaholanki “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunda qizlarimizning sha’nini, qadr-qimmatini kamsitish, shuningdek ularning xohish-irodasini cheklashga qaratilgan harakatlar hususida batafsil to‘xtalib o‘tilgan.
Institut Xotin-qizlar qo‘mitasi Iqtisodiyot fakulteti bilan hamkorlikda 2019 yil 2 sentabrda qabul qilingan ushbu Qonunning mazmun-mohiyati, shuningdek “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonunni jamoaga yetkazish maqsadida davra suxbati tashkil etdi.
Tadbirda qo‘mita faollari, pedagog-tarbiyachilar, Mirobod tuman bosh imomi Odilbek Xolmurodov va talabalar jamlandi.
– Bugun qizlarimiz institutda o‘z o‘rniga ega, ular nafaqat talaba, balki institutda olib borilayotgan keng qamrovli ishlarning faol ishtirokchisi sifatida ko‘zga tashlanmoqda, – deya fikr bildirdi suxbat ishtirokchisi, Xotin-qizlar qo‘mitasi a’zosi Firuza Axmedova . – Mamlakatimiz xotin-qizlar huquqlari kamsitilishiga doir bir qator konvensiyalarga a’zo bo‘lgan. Barchamiz qizlarimizhuquqlarining kafolatlari to‘g‘risidagi qonun va qarorlardan xabardor bo‘lishimiz maqsadga muvofiqdir.
Tadbirning ahamiyatli jihati shundaki, avval ko‘tarilmagan mavzular ham muhokama qilindi. Xususan, bilgan-bilmagan haq-huquqlar, undan qanday foydalanishimiz mumkinligi haqida fikrlar almashildi.
Muqaddas dinimiz ham nozik xilqat egalarining xaq-huquqlarini to‘la-to‘kis ta’minlab berdi – dedi Mirobod tuman bosh imomi Odilbek Xolmurodov – Islom dini ayollarning huquqlarini to‘liq kafolatladi. Ularni erkaklardek jamiyatning to‘laqonli a’zosi ekanini amalda ko‘rsatdi. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vassalam ayol nomini ulug‘lash, uning sha’nini ko‘tarish, haq-huquqlarini belgilab berishda faqat islom umatiga emas, butun insoniyatga ibrat va namuna bo‘ldilar. Dinimizda ayol ona, opa, singil, qiz sifatida ulug‘lanadi. Islom – mening dinim, Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom – mening Payg‘ambarimiz, degan kishi borki, ayolni e’zozlashi shart.
Tadbir nihoyasida ishtirokchilar o‘zlarining qiziqtirgan savollariga to‘la qonli javob oldilar. Bu kabi davra suxbatlarini muntazaam o‘tkazish maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi.

Iqtisodiyot fakulteti xotin-qizlar qo’mitasi boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi Muhabbat Kurbanova