Konferensiya magistrlarga qo‘shimcha imkoniyatlar berdi

Bugun, 22 oktabr kuni Toshkentda «PLM&BIMM» – “Sanoat va fuqaro binolarini informatsion modellashtirish” va “Ishlab chiqarish tashkilotlarini raqamlashtirish” mavzularidagi xalqaro konferensiya boshlandi. Konferensiya ishida Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti yosh olimlari va magistratura talabalari faol ishtirok etmoqdalar.


Konferensiyaning yalpi yig‘ilishida Qurilish vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzodxo‘ja Xashimov, Rossiya Federatsiyasining «Nanosoft» bosh direktori Maksim Egorov, «Service You» bosh direktori Rustam Toshov, «Boshtransloyiha» aksiyadorlik jamiyati bosh direktori birinchi o‘rinbosari Hasan Malikovlarning maruzalari tinglandi.

Konferensiya ishi «Sanoat ob’ektlarini informatsion modellashtirish texnologiyasi», «OpenBIM, fuqaro binolari misolida ochiq informatsion modellashtirish texnologiyasi » va «Sanoat korxonalarini boshkarishda CSoft echimlari» sho‘’balarida davom ettirildi.

Institut professor-o‘qituvchilari «Sanoat ob’ektlarini informatsion modellashtirish texnologiyasi» va «OpenBIM, fuqaro binolari misolida ochiq informatsion modellashtirish texnologiyasi » sho‘’balariga muhokama uchun taklif etildi. Xususan O‘zbekistonda fuqaro va sanoat binolarini loyihalash, hisoblash jarayonida «NanoSoft» dasturlarini qo‘llashning o‘ziga xos xususiyatlari bo‘yicha fikr almashildi.

Ilmiy muhokamalarda fuqaro binolari loyihaviy chizmalarini tayyoralash, konstruktiv echimini ishlab chiqish, konstruktiv elementlari: poydevor qismi, ustun, yopma va orayopma plitalari kabilarni hisoblash va konstruktsiyalash; binoning elektr tizimini hisoblash, suv ta’minoti va isitish tizimini shakllantirish kabilarni modellashtirish va loyihalash imkoniyatini beruvchi yagona kompyuter kompleksi yordamida bajarish masalalari keng muhokama qilinib, tegishli to‘xtamga kelindi.

Shu bilan bir katorda binoni loyihalash jarayonida ishlatilgan barcha ma’lumotlarni, keyinchalik binoni ekspluatatsiya qilish tashkilotlariga etkazish orqali binoni texnik ekspluatatsiya va monitoringini olib borish imkoniyati tahlil qilindi.

Tadbir jarayonida Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti delegatsiyasi magistratura talabalarining ilmiy tadqiqot ishlaridagi hisoblash va loyihalash uchun «NanoSoft»ning «NanoCAD plus», «NanoCAD konstruktorskiy BIMM», «NanoCAD injenerniy BIMM», «NanoCAD mexanika», «NanoCAD elektro BIMM» kabi dasturlarini o‘quv jarayonda foydalanish uchun taqdim etish imkoniyatlari bo‘yicha «NanoSoft» bosh direktori Maksim Egorov bilan muzokaralar olib borildi. Muzokara yakunlari bo‘yicha kelgusida yanada ilmiy hamkorlikni ta’minlashga kelishib olindi.

«Bino va sanoat inshootlari qurilishi «kafedrasi dotsenti, t.f.n. Said Shaumarov