Festival ko‘tarinki ruhda o‘tdi

Bugun Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusni mujassamlantirgan “Yoshlar festivali”gala kontsert bilan yakunlandi.


Davlat rahbari topshiriqlarini o‘z vaqtida bajarish va ko‘tarilgan 5 ta muhim tashabbus bo‘yicha manzilli ishlar tashkil qilish yuzasidan institut rahbariyati tomonidan maqsadli chora-tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda.


14-16 oktabr kunlari o‘tkazilgan festivalning asosiy maqsadi fan, san’at, sport to‘garaklariga institut yoshlarini jalb qilish, yurtimiz ijtimoiy hayotida faol ishtirok etayotgan, faoliyati davomida tengdoshlariga o‘rnak bo‘lgan, ta’lim, madaniyat va sport yo‘nalishlarida yuksak natijalarga erishgan talabalar faoliyatini targ‘ib qilish bilan bir qatorda, ijodiy salohiyat va iste’dodga ega bo‘lgan yoshlarni ro‘yobga chiqarish, kashf etishga qaratildi.


Festival doirasida har bir tashabbus bo‘yicha muntazaam tanlovlar, mahorat darslari, uchrashuvlar, kitobxonlik tadbirlari va sport musobaqalari tashkil etildi.
– Yoshlarni Vatanga muhabbat va istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalashda bunday tadbirlar alohida ahamiyatga ega, – deydi institut “Yoshlar ittifoqi” boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi Dilshod Tursunaliev. – festival doirasida o‘tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy loyihalarda esa mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalikni asrab-avaylash, har bir soha rivojida malakali kadrlarning o‘rni g‘oyatda muhim.


Festival dasturiga kiritilgan #institutimgakitobsovģaqilaman hashtagi ostida o’tkazilgan aksiya institut kutubxonasining fondini yuzlab badiiy adabiyotlarga boyitdi. Festivalda talabalar tomonidan sovg‘a qilgan adabiyotlar ko‘rgazmasi, shuningdek, hunarli talaba-qizlarning yaratgan mahsulotlar yarmarkalari tashkil etildi.


Institut old maydoni 5 ta muhim tashabbus bo‘yicha tashkil etilgan kichik hududlar, turli ijodiy jamolarning chiqishlari, sport dasturlari bilan bayramona qiyofa kasb etdi.

Yoshlar festivalida faol ishtirok etgan hamda festival doirasida tashkil etilgan tanlov g‘oliblari esdalik sovg‘alar hamda faxriy yorliqlar bilan taqdirlandilar.

Manba: Axborot xizmati