Millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik – taraqqiyot va barqarorlikning muhim omili

30 sentabr kuni Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikka bag‘ishlangan davra suxbati tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Musulmonlar idorasi va O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda mutaxassislar bilan bir qatorda institut professor-o‘qituvchilari va talabalar qatnashdi.

Tadbirda alohida qayd etilganidek, bag‘rikenglik o‘zbek xalqi ma’naviyati va madaniyatining ajralmas qismi hisoblanadi. Yurtimizda nafaqat ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy sohalar, balki zaminimizda istiqomat qilib kelayotgan turli millat va elatlar o‘rtasida do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlash, diniy bag‘rikenglik tamoyillarini qaror toptirishga ham alohida e’tibor qaratib kelinmoqda.

Suxbat davomida O‘zbekistonda turli millat va elatlar, diniy konfessiyalar vakillari o‘rtasidagi ahil-inoqlik, hamjihatlikni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, tinchlik-osoyishtalik, barqarorlikni saqlash yo‘lida olib borilayotgan oqilona islohotlar, amaliy chora-tadbirlar haqida so‘z yuritildi.

Tadbir ishtirokchilaridan biri — O‘zbekiston musulmonlar idorasi xodimi Saidjamol Masayitov ta’kidlashicha, yurtimizda turli millat va elatlar, diniy konfessiya vakillarining yaratuvchanlik kayfiyatida yashashi uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

-Bugungi kunda bag‘rikenglik insoniyat tomonidan erishilgan eng katta yutuqlardan biridir. Bundan keyingi taraqqiyot uchun ham u muhim omillardan bo‘lib qolaveradi. O‘zbekistonda turli konfessiya vakillari o‘rtasida mustahkam do‘stlik, bag‘rikenglik muhiti ta’minlangan, – deydi O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi o‘qituvchisi, siyosatshunoslik fanlari doktori Umidjon Maxmudov

Tadbirda mamlakatimizda istiqomat qilayotgan 130 dan ortiq millat va elat vakillari, 140 ga yaqin milliy-madaniy markazlar faoliyati, ularning o‘z ona tili, millati tarixi, qadriyatlari va madaniyatini o‘rganish borasida amalga oshirayotgan keng ko‘lamli ishlar to‘g‘risida kelajak avlod egalari – yoshlarga ma’lumot berildi.

Manba: Axborot xizmati