Xalqaro e’tirof

Rossiya Federatsiyasining Temir yo‘l transport federal agentligi rahbari Vladimir Chepes taklifiga binoan Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti rektori Ma’rufjon Rasulov Moskva shahrida o‘tkazilgan “Universitetskaya kniga-2019” xalqaro kitob tanlovi-yarmarkasida ishtirok etdi.
Mazkur nufuzli xalqaro tanlov dastlab 1998-yilda oliy ta’lim muassasalari o‘quv nashrlarining sifatini oshirish masalasini hal qilish doirasida tashkil etilgandi. Tanlovning asosiy maqsadi – jamoatchilik e’tiborini oliy ta’lim muassasalarining kitob nashriga jalb qilishga qaratilgan.
Ilmiy-pedagogik xodimlarning nashr faoliyatini rag‘batlantirish maqsadida 15 yo‘nalish bo‘yicha nominatsiya g‘oliblarining e’lon qilinishi xalqaro yarmarkaning unutilmas qismiga aylangan.
Bu yilgi yarmarkada “Eng yaxshi xorij o‘quv adabiyoti” nominatsiyasiga institutimiz “Temir yo‘llari elektr ta’minoti” kafedrasi professor-o‘qituvchilar jamoasi tomonidan yaratilgan monografiya munosib ko’rildi.
Institut professor-o‘qituvchilari Sulton Amirov, Abdurauf Safarov va Dilshod Rustamovlarni navbatdagi e’tirof bilan tabriklaymiz.

Institut matbuot xizmati

tashiit.uz