Yangi o‘quv yili ko‘tarinki ruhda boshlandi

Vatanimizning taraqqiyot yo‘lida, jahon hamjamiyatidagi nufuzi va obro‘sining tobora yuksalishida, hayotimizning barcha yo‘nalishlaridagi islohotlardagi islohotlarni chuqurlashtirishda yosh avlod ta’lim-tarbiyasi muhim o‘rin tutadi. Shu bois, yangi o‘quv yilini 1-bosqich talabalari va ularning ota-onalari bilan bilan tantanali uchrashuvdan boshlanishi Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida o‘ziga xos an’anaga aylanib qolgan.
Institut Bosh maydonida istiqlolimizning 28 yilligi hamda 2019-2020 o‘quv yilining boshlanishi munosabati bilan “Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! ” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda “O‘zbekiston temir yo‘llari” boshqaruv raisi o‘rinbosari O‘tkir Tursunqulov, Personallarni boshqarish va kadrlar tayyorlash boshqarmasi boshlig‘i Muhsinjon Mamasidiqov qatnashdilar.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi madhiyasi bilan boshlandi. “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruv raisi o‘rinbosari O‘tkir Tursunqulov anjuman ishtirokchilarini Vatanimiz mustaqilligining 28 yilligi bilan samimiy tabriklab, institut jamoasiga va talabalik baxtiga musharraf bo‘lgan yigit-qizlarga omadlar tiladi. U o‘z nutqida talabalar avvalo kuchli bilimga ega bo‘lishni, temir yo‘l tizimidagi islohotlar va bu o‘zgarishlarda yoshlarning o‘rnini, qolaversa, istiqlolimizga munosib yoshlar bo‘lish lozimligini ta’kidlab, o‘z tavsiyalarini berdi.
Shundan so‘ng, Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti rektori Ma’rufjon Rasulov yig‘ilish ishtirokchilarini yangi o‘quv yili bilan qutladi. Bugungi kunga qadar institutda erishilgan yutuqlar va o‘zgarishlarni qayd etdi.
…An’anaga ko‘ra, yangi o‘quv yilining birinchi sabog‘i “Mustaqillik darsi” bilan boshlandi. “Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! ” shiori ostida o‘tkazilgan ilk darslarda kelajak sari intilayotgan yoshlarga ona-yurtga muhabbat tuyg‘usi, milliy o‘zlikni anglash, eng bebaho, eng aziz ne’mat – MUSTAQILLIGIMIZni asrab-avaylash va qadrlash hissi har bir farzandning burchi ekanligi yana bir bor ta’kidlandi.
Yangi o‘quv yili ko‘tarinki ruhda boshlandi.

Institut matbuot kotibi Dilshod Rahmatov