Ta’lim tizimi rivojida Axborot-resurs markazlari imkoniyatlari (innovatsiya va yangi g‘oyalar)

PS: Axborot-resurs markazi ilmiy-uslubiy bo‘lim boshlig‘i Nasiba Kayumovaning “INFOLIB” axborot-kutubxona xabarnomasida “Ta’lim tizimi rivojida Axborot-resurs markazlari imkoniyatlari (innovatsiya va yangi g‘oyalar)” nomli maqolasi chop etildi. Maqolada institutimizda olib borilayotgan ilmiy-tadqiqotlar, ilmiy-pedagogik faoliyat hamda oliy malakali muhandislar tayyorlashda axborot-resurs markazining tutgan o‘rni, muhim ahamiyati borasida fikr yuritilgan. Fan-texnika, temir yo‘l transporti, avtomatika va telemexanika, axborot texnologiyalari kabi sohalarga oid adabiyotlar, shuningdek, badiiy, mumtoz va zamonaviy adiblarimizning asarlarini kitobxonlarga masofadan turib etkazib berish imkoniyatlari bilan bir qatorda, innovatsion g‘oyalarni shakllantirish masalalari Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti misolida yoritilgan. O‘quv yili avvalida maqolaning to‘liq matnini Sizning e’tiboringizga havola etmoqdamiz. Institut Axborot-resurs markazi faoliyatini yanada takomillashtirish borasidagi fikr-muloxazalaringizni markaz xodimlari kutib qoladi.

Qadimgi manbalardan bizga ma’lumki, kutubxonalar O‘rta Osiyo tarixi, madaniyati, fani va san’ati jahon tsivilizatsiyasida salmoqli o‘rinni egallagan. Kutubxona ma’naviy boyliklarni avloddan avlodga etkazib beruvchi aloqa vositasi hisoblanadi va undan ilm oluvchi ziyo maskani sifatida foydalaniladi. Kutubxona jamiyatda yuksak ma’naviy fazilatlarni kamol toptirish, milliy mafkurani shakllantirish, yoshlarni boy madaniy merosimiz, tarixiy an’analarimizga, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha islohotlarning hal qiluvchi omilidir. Har bir davrning o‘ziga xos boyliklari qatorida qadrli va qimmatbaho hisoblangan nodir qo‘lyozma asarlari mavjud bo‘lgan. Buyuk sohibqironning har ikki xazinasidan biri- kutubxonasi hisoblangan. U xukumronlik qilgan davrda Samarqand shahridan kitob olib chiqish man etilgan, kitoblar tengsiz boylik sifatida qo‘riqlangan. Eng muhimi, necha ming yillardan buyon sayqallanib, ne-ne avlodlarga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatib kelayotgan va bugungi kun yoshlarini bilimli, tarbiyali, kasb-hunarli va albatta baxtli va davlatli bo‘lishining muhim omili – bu kitobga do‘st bo‘lish, hamisha kitob o‘qish va kitob mutolaasini umr bo‘yi kanda qilmaslikdir. Ayniqsa, yoshlarning baxtu kamoli, osoyishta va farovon hayotida kitobning alohida o‘rni bor.
Istiqlol bizga kitobxon xalq degan azaliy yuksak mavqeimizni nafaqat qaytarib bergani, ayni chog‘da, bu boradagi intellektual salohiyatimiz va imkoniyatlarimizni tubdan oshirishning asosiy omili ham bo‘lganini ta’kidlash lozim. Shu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoevning 2017 yil 12 yanvarda imzolangan “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi farmoyishi ana shu ezgu ishlarni yangi, yanada yuksak bosqichga ko‘tarishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.
Ushbu salmoqli vazifalarni bajarishda, albatta, axborot-resurs markazlari ko‘rsatadigan xizmatlar: axborot olish madaniyatini, kitob mutolaasi hamda kitobxonlik madaniyatini oshirish, axborot oqimining ko‘pligiga qaramay undan to‘g‘ri foydalanish, axborotlarga ishlov berish, zaruriy saytlardan foydalanish immunitetini shakllantirish zarurati kabi muhim qoidalar katta o‘rin tutadi. Buning uchun Oliy ta’lim muassasalari axborot-resurs markazlari ishini jahon andozalari asosida to‘g‘ri tashkil etish, kerakli resurslarlar bilan ta’minlash, xizmat ko‘rsatish darajasini ko‘tarish har jihatdan ta’lim tizimi reytingini oshishiga sabab bo‘ladi.
Bu borada Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti Axborot-resurs markazining asosiy maqsadi, fan-texnika, temir yo‘l transporti, avtomatika, informatika kabi sohalariga oid adabiyotlar, qolaversa badiiy, ma’rifiy, ilmiy-ommabop, tarbiyaviy, mumtoz va zamonaviy adiblarimizning kitoblari, shuningdek, dunyo adiblarining sara asarlari orqali insonning ong va tafakkurini charxlash, ma’naviy olamini boyitish, ezgulikni targ‘ib etish, yoshlarning intellektual salohiyatini oshirishga qaratilgan adabiyotlarni yoshlarda kitob o‘qishga qiziqishni kuchaytirish, jamiyatda muhim va ishonchli axborotlarni tarqatish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini yanada oshirish hamda kitobsevarlik an’analarini davom ettirishdan iboratdir. ARM ushbu ezgu maqsadlarni bajarishda o‘zining boy kitob fondiga tayanadi. Binobarin, kitoblar axborot saqlovchi eng samarali vositadir. ARM o‘z faoliyati davomida institutdagi o‘quv jarayoni, ilmiy-tadqiqot, ilmiy-pedogogik faoliyat, ma’naviy-ma’rifiy ishlarni takomillashtirish va jadallashtirishga xizmat qiladi.
Institut Axborot-resurs markazi fondida 590118 nusha temir yo‘l sohasidagi 3000 nushadan ziyod nodir qo‘lyozma asarlar, kitob va boshqa manbalar, jumladan 4280 nushadan ortiq kitobning elektron versiyalari ya’ni institut professor-o‘qituvchilari tomonidan yaratilgan ma’ruza matnlar, boshqa o‘quv yurtlaridan olib kelingan ma’ruza matnlari, badiiy adabiyotlar va darslik va qo‘llanmalar elektron shakllari mavjud. Elektron kutubxonaning ma’lumotlar bazasi o‘zbek va rus tillarida yaratilgan bo‘lib, markaz tomonidan aholiga, institut jamoasi va talabalariga axborot-kutubxona xizmatlari ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan. Shu bilan birga ARM “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tizimining ilmiy axborot markazi sifatida ham xizmat qiladi.
Har bir rivojlangan kutubxonalar qatorida Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti Axborot-resurs markazi moddiy texnik bazasi zamonaviy texnik jihozlar bilan ta’minlangan bo‘lib, markaz internetdan foydalanish, kompьyuterda ishlash, skanerlash, yuklama manbalarga nusxa ko‘chirish kabi zamonaviy kutubxona xizmatlarini ko‘rsatib kelmoqda. Foydalanuvchilarni to‘laqonli axborot bilan ta’minlash maqsadida ARMda kutubxona-bibliografiya xizmatini ko‘rsatish, ma’lumot-bibliografik apparati, ya’ni katalog va kartotekalar bilan ishlash yaxshi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, 2018-2019 yillar mobaynida 22 nomdagi 45 nusha o‘zbek va rus tilidagi gazetalar va 35 nomda xorijiy ya’ni Rossiya davlatida nashr etilgan iqtisodiy hamda temir yo‘l sohasiga oid ilmiy jurnallarga obuna tashkil etilgan bo‘lib, jami gazeta va jurnallarda chop etilgan maqolalar sistemali kartotekasi yuritiladi. Kartotekaning qulaylik jihatlari shundan iboratki, referat, avtoreferat va dissertatsiya bilan shug‘ullanuvchilarga mavzuli materiallar to‘plami vazifasini o‘taydi. ARM bundan tashqari kompьyuter texnologiyalarini samarali ko‘llash natijasida kitobxonlarga taqdim etiladigan xizmatlar turini yil sayin kengaytirib bormoqda. Markaz asosan axborot-madaniyati va axborot-media savodxonligini oshirish masalalariga e’tiborini kuchaytiradi: ilmiy izlanishlar olib borayotgan talaba, bakalavr, magistr, va ilmiy xodimlarga EBSCO, Web of science va ProQuest hamda Rossiya Davlat kutubxonasining RGB ilmiy maqolalar elektron ma’lumotlar bazasidan foydalanishlarida kerakli tavsiyalar beradi.. Axborot-resurs markazi fondi muntazam elektron resurslar bilan boyitish va yagona bazasini shakllantirish ishlari davom ettirilmoqda, ARM fondidagi yakka tartibdagi adabiyotlar, alьbomlar, nodir va noyob va xorijdan keltirilgan adabiyotlar nushalari ko‘paytiraladi va institut www.tashiit.uz hamda www.umczdt.ru saytiga joylashtiriladi. Axborot-resurs markazi resurslarini taqdim etish orqali Rossiya federatsiyasi Moskva shaxridagi “Temir yo‘l transporti ta’limi bo‘yicha o‘quv-uslubiy markaz” (Uchebno-metodicheskiy tsentr po obrazovaniyu na jeleznodorojnыm transporte) UMTs tashkiloti bilan hamkorlik ishlarini davom ettirib kelmoqda. Xozirgi kunda ARM ilmiy-uslubiy, adabiyotlarni jamlash va qayta ishlash, adabiyotlarni saqlash va xizmat ko‘rsatish, o‘quv adabiyotlari bo‘limlari, 16 o‘rinli professor-o‘qituvchilar o‘quv zali hamda foydalanuvchilar elektron resurslardan foydalanishlarida qulaylik yaratish maqsadida 15 mingdan ortiq kitob fondi va 124 o‘rinli talabalar o‘quv zali faoliyat olib bormoqda. Talabalar o‘quv zali xududida bepul Wi-Fi zona tashkillashtirilgan.
Axborot-resurs markazi nafaqat elektron kitoblardan foydalanish maskani, balki boy an’anaviy kitoblar fondiga ega bo‘lib, temir yo‘l sohasiga oid 1844-1940 yillarda nashr ettirilgan noyob kitoblar va al’bomlar haqidagi ma’lumotlarni saqlovchi arxiv vazifasini ham bajaradi.
Markaz o‘z kitob jamg‘armasini an’anaviy va elektron kataloglar, kartotekalar va turli shakldagi ko‘rgazmalar orqali har tomonlama ochib beradi. ARMda shoirlar, yozuvchilar, rassomlar, olimlar ishtiroqida yangi adabiyotlar taqdimoti, kitobxonlar konferentsiyalari va kitoblar nashri bilan tanishtirish bilan bir qatorda, ularning savdosi va targ‘ibotiga qaratilgan ta’sirchan amaliy qadamlar ham qo‘yilmoqda. Xususan, hozirgi paytda “Kitob olami”, “Sharq ziyokori” va “O‘zdavkitobsavdota’minoti” majmualari tomonidan kitob savdosi xizmati ko‘rsatilmoqda. Shu bilan birga, Prezident Farmoyishida ushbu muhim soha rivoji bilan bog‘liq aholi, xususan, yoshlar o‘rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish vazifalari bajarilmoqda. Zero, kitob — qalb chirog‘i, tafakkur qanoti. Ayniqsa, bosma kitobdan taralayotgan va elektron kitobdan topib bo‘lmaydigan o‘ziga xos yoqimli hidni xis etib, varaqlash, mo‘’jizaviy sahifalarning sirli shitirlashidan zavqlanish, uning mazmuni haqida tengdoshlar bilan fikr almashish huzur bag‘ishlaydi.
Kitob o‘qish barchamizning ma’naviy olamimizni boyitadi, so‘zlashuv madaniyatimizni oshiradi. Ayrim hollarda o‘zbek tilimizni buzib ruscha so‘zlar aralashtirib gapiruvchilarni, zamonaviy ko‘rinishni tilni o‘zgartirishda deb biluvchilarni kamaytirish uchun ham kitob o‘qish lozim. Demak Axborot-resurs markazi xodimlari kitob orqali qaysidir ma’noda o‘z kitobxonlarini tarbiyalaydi.
Axborot-resurs markazi xodimlari bu natijalarga erishishlarida: kasbiy-mutaxassislik hamda badiiy-ma’naviy barkamolligini oshirish uchun kitobni tanlay olish va o‘zi uchun zarurini o‘qish; kitob ustida ishlash malakasini obdon o‘rganib olish va unga chuqur amal qila bilish; kitobni mustaqil o‘qiy bilish; o‘qigan kitobning asosiy mazmunini talqin qila bilish, uning xusunkor olamiga kira bilish; o‘qiganlaridan hayotiy xulosalar chiqarish; kitobning kerakli, zarur joylarini yon daftarchaga ko‘chirib olish, notanish bo‘lgan so‘zlarni esda saqlab qolishga intilish; muntazam ravishda o‘qish ko‘nikmasiga ega bo‘lish; kitob bilan muomalada eng qadrdon do‘stingga munosabatda bo‘lganday e’tibor bilan qarash; kitobni yaroqsiz holiga keltirmaslik uchun undan to‘g‘ri foydalana bilish; kitobni shoshilmasdan, o‘ylab, diqqat-e’tibor bilan o‘qish malakasiga ega bo‘lish, kutubxona kartotekalari bilan ishlay bilishni o‘rganish; o‘qigan kitobni do‘stlar bilan o‘rtoqlashish, yaxshi kitobni ularga tavsiya qilib, uni boshqalar ham o‘qib chiqishiga erishish kabi xislatlarni o‘z kitobxonlarida shakllantirishga erisha olishlari kerak bo‘ladi. Bu borada ARM xodimlar muntazam Oliy ta’lim vazirligi rivojlantirish markazi tomonidan hamda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi tomonidan tashkil etiladigan maxorat darslari, konferentsiyalar va malaka oshirish kurslarida o‘z malakalarini mustahkamlab kelmoqdalar. ARM kelgusi ishlarida o‘z bilim va ko‘nikmalariga tayangan xolda yanada keng, yorug‘ va kompьyuter texnologiyalari bilan jihozlangan o‘quv zallari tashkil etishni rejalashtirmoqda. O‘quv zalidan foydalanuvchilar an’anaviy stullardan tashqari yumshoq mebel va zamonaviy yumshoq kursilarda kitob o‘qish imkoniga ega bo‘ladilar.
Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti Axborot-resurs markazi haqida ko‘proq ma’lumot to‘plashni istovchi yoki elektron resurslaridan foydalanmoqchi bo‘lgan yurtdoshlarimiz www.tashiit.uz saytiga murojat qilishlari mumkin.

Nasiba Kayumova
Axborot-resurs markazi ilmiy-uslubiy bo‘lim boshlig‘i