Qaldirg‘ochlar yana qaytadi. . .

Umr naqadar lazzatli ne’mat. Talabalik – inson hayotining eng yoqimli damlaridan biri. Mashaqqatli, shu bilan birga eng qiziq va quvnoq xotiralarga yo‘g‘rilgan bu davrni har safar bir olam hayojon bilan yodga olamiz. Institutimiz o‘n minglab yuqori malakali mutaxassislarni tayyorladi. Ular Vatan uchun, xalq uchun, oila uchun, kelajak uchun mehnat qildilar va qilmoqdalar. Kuni kecha Qurilish fakulьtetining PGS-111 guruhini 1989 yilda tamomlagan sobiq talabalar tashrif buyurdilar. Bundan 30 yil avval institut bag‘rida bilim olgan talabalar bugun bir quchoq nevaralarning bobosiyu buvilariga aylanib ulgurishgan. Bitiruvchilarni institutimiz rahbariyati aziz mehmonlar sifatida samimiyat bilan kutib oldi. Ilmiy Kengash zalida institutda o‘tgan davrlar, ta’lim bergan ustozlar yodga olindi. Institut ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor A. E. Odilxo‘jaev ishtirokida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda sobiq talabalar samimiyat bilan kutib olganliklari uchun chuqur minnatdorchilik bildirdilar.
Yillar o‘tadi, davrlar o‘tadi, bu ta’lim dargohida qadrdon xonalarda ta’lim olayotgan talabalar almashaveradi. Lekin shirin xotiralar inson bilan birga ketadi. Inson umrining bahori bo‘lmish talabalik davri har gal katta hayajon va sog‘inch bilan yodga olinaveradi. Katta hayotga shu go‘shadan ilk bor qanot qoqib parvoz qilgan qaldirg‘ochlar bir kun qadrdon go‘shasiga hurmat va ehtirom ila qaytadilar. Qaldirg‘ochlar yana qaytadi. . .

Umaraliev A’zamjon
Qurilish fakulteti talabasi