Hayot mazmuni, oila quvonchi

1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni

Mamlakatimizda bolalar kelajagimiz vorislari, millatimiz davomchilari sifatida e’zozlanadi. Halqimiz qaysi din, qaysi millat farzandlari bo‘lishidan qat’iy nazar, ardoqlaydi. Mehr berib, boshini silaydi.
Birgina misol, institutda professor-o‘qituvchilar va xodimlar farzandlarining iqboli uchun mazmunli tadbirlarni tashkil etib kelinmoqda. Ularning sog‘lom, aqlan yetuk bo‘lib ulg‘ayishiga zamin yaratilmoqda.
Ayni vaqtda jamoada faoliyat yuritayotganlarning 14 yoshgacha bo‘lgan farzandlari 500 nafardan ortiq. Institut kasaba uyushmasi farzandlarimizning madaniy-ma’rifiy, jismoniy tarbiya va sport tadbirlariga jalb qilishga, bo‘sh vaqtdan oqilona foydalanish uchun sharoitlar yaratib berilishiga e’tibor qaratib kelmoqda. Maktab ta’limiga qadam qo‘ygan bolajonlarga o‘quv anjomlari ulashishdan tortib ta’til davrida bolalar oromgohlariga jo‘natishga qadar bo‘lgan jarayonni oqilona amalga oshirib kelmoqda.
Har yili “Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni” munosabati bilan tashkil etiladigan “Idrokli o‘yinlar” festivali barcha ota-onalar va ularning farzandlari uchun bir olam quvonchni xadya etadi. Bolalar bayram arafasida o‘tkaziladigan festivalga tashrifi davomida ota-onalarining ish stoli, xamkasblari va mehnat faoliyati bilan yaqindan tanishish imkoniyatlariga ega bo‘ladilar. Yuzlab bolalarni qamrab oladigan bu festivalda institut farzandlari o‘zaro do‘stlashadilar. Eng muhimi, institut bolalar nigohida anglanadi.
An’anaviy festivalning bu yilgi musobaqalarida 125 nafar bolalar qatnashdi. Festivalni institut kasaba uyushmasi raisi Ilyos Xolboev ochib berdi. Festivalning tantanali qismida 5 marotaba jahon chempioni va bir necha marotaba qit’a g‘olibi Islombek Sindorov va Osiyo chempioni Humoyun Sindorovlar tengdoshlarini bayram bilan qutladi. Chempionlar ishtirokida master-klasslar tashkillashtirildi.
Ishtirokchi-bolalarning yoshini e’tiborga olgan holda shakllantirilgan guruxlarda musobaqalar o‘tkazildi. Shashka bo‘yicha 5 guruhga, shaxmat bo‘yicha 5 guruhga bo‘lingan bolalar o‘rtasida musobaqa keskin bahslar va hayajonli daqiqalarga boy bo‘ldi. Tadbir yakunlariga ko‘ra shashka bo‘yicha S.Toymurodov, X.Erkinova, A.Hoshimov, N.Nigmatov, K.Umrzakov, shaxmat bo‘yicha A.Afzalov, K.Tursunov, M.Xalilova, Sh.Abdujabborov, D.Tuxtaoxunovlar o‘z bilim malakasini ishonchli himoya qilib barcha raqiblarini dog‘da qoldirdi va o‘z guruhlarining g‘oliblari sifatida taqdirlandilar.
Mazkur musobaqaning qamrovi, nufuzi jamoa a’zolari orasida yildan yilga ortib bormoqda. Bu musobaqalarni har yili kuzatar ekanman, har bir bolada ma’lum bir ma’noda iste’dod mavjudligiga yana bir bor amin bo‘laman. Chunki bu musobaqaning yosh ishtirokchilar o‘yin davomida, g‘alaba uchun ishonch bilan harakat qilishi, barcha imkoniyatlarini ishga solib o‘z iqtidorini namoyish etishga intilishini sezishimiz mumkin. Faqat biz ota-onalar ushbu iste’dodni qanchalik barvaqt aniqlasak, bolani o‘zi qiziqqan ma’lum bir yo‘nalishga yo‘naltira olsak eng katta yutug‘imiz shu deb uylayman. Farzandlarimizning Sportning shaxmat va shashka turlari bilan muntazam ravishda shug‘ullanib borishi, ulardagi xotiraning mustahkamlanib kuchayib borishiga, yosh bolalarning keng fikrlashi va vaziyatga atroflicha baho berishiga, qa’tiyat va irodasining yuksalishiga, muammoli sharoitga nisbatan erkin fikr yuritish va mustaqil qaror qabul qilishga o‘rganishiga olib keladi deydi, biz bilan suhbat chog‘ida institut kasaba uyushma qo‘mitasi raisi I.A. Xolboev.
Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida har yili o‘tkazilib kelinayotgan bu sport festivali haqiqiy ma’noda sport va do‘stlik bayramiga aylandi desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Chunki bu tadbirda ishtirok etgan bolajonlar o‘zaro kuch sinashishi bilan birgalikda, bir birlari bilan yaqindan tanishishdi, o‘z qiziqishlari va maqsadlari haqida o‘rtoqlashishdan charchamadilar.
Sport tadbiri so‘nggida kasaba uyushma qo‘mitasi musobaqalar g‘oliblariga va har bir ishtirokchi bolaga turli yozuvchi va shoirlarning badiiy asarlaridan iborat kitoblarni va “Anhor Lokomotiv” sayilgohi uchun chiptalarni bayram sovg‘asi sifatida ulashdi.

Institut matbuot xizmati