Toshkent islom instituti rektori institutga tashrif buyurdi

Imom al-Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un G‘afurov Toshkent temir yo‘l muhandislari institutiga tashrif buyurdi. Tashrif avvalida institut rektori Ma’rufjon Rasulov qabulida bo‘ldi. Institut rahbarlari talabalarning ruhiy-madaniy qadriyatlarga yangicha yondashish jarayoni sezilayotganligi xususida fikrlashdilar.
Tashrif davomida Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un G‘afurov Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti yoshlari bilan uchrashdi. Uchrashuvda Uyg‘un G‘afurov xalqimizning etnik, madaniy va diniy ongi ma’naviy Uyg‘onishning yana bir bitmas-tuganmas manbai ekanligini, Markaziy Osiyo g‘oyat xilma-xil dinlar, madaniyatlar va turmush tarzlari tutashgan va tinch-totuv yashagan o‘lka bo‘lib kelganligini qayd etdi. Ma’naviy qadriyatlarning tiklanishi ularning hozirgi dunyo va axborot sivilizatsiya qadriyatlariga moslashishini ham anglatadi, dedi.
Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un G‘afurov davlatimiz tomonidan muborak Ramazon oyida yana bir xayrli, ulkan ahamiyatga ega “Mehr” insonparvarlik operatsiyasi amalga oshirilganligini, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning topshirig‘iga binoan, 156 nafar vatandoshimiz, asosan ayollar va bolalar Yaqin Sharqdagi qurolli mojarolar hududidan yurtimizga qaytarilganligini, bugun maxsus aviareysda Toshkent shahriga olib kelinganligini ma’lum qildi.
Uchrashuvning xulosasi sifatida a’naviy qadriyatlarimizni hozirgi demokratik jamiyatning qadriyatlari bilan uyg‘unlashtirish kelajakda yanada ravnaq topishimizning, jamiyatimiz jahon hamjamiyatiga qo‘shilishining garovidir, deb qabul qilindi. Ochiq muloqot va videoroliklar uchrashuvning samimiy o‘tishiga xizmat qildi.

Institut matbuot kotibi Dilshod Rahmatov