Yo‘lingdagi donishmand yo‘ldosh

25 may kuni yurtimizning barcha umumta’lim maktablarida 1- va 11-sinflar ishtirokida “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari bo‘lib o‘tdi. Institutimiz qoshidagi akademik litseyda ham o‘quv jarayoni yakunlanish arafasida. Shu o‘rinda institut ravnaqiga halol mehnati bilan hissa qo‘shib kelayotgan “Xalq ma’orifi a’lochisi” Nazira Sodiqova haqidagi ocherkni Sizning e’tiboringizga xavola etishni joiz ko‘rdik.

Yaponiya davlatining jadal taraqqiyoti sabablari so‘ralganda, ular: “O‘qituvchiga vazirning maoshini belgiladik; elchining daxlsizligini berdik; imperatornikiday hurmat ko‘rsatdik”, – deb javob berishgan ekan.
Keyingi 4 yil O‘zbekiston tarixida ijobiy g‘oyalar yili bo‘ldi. Bu g‘oyalar hayotga tatbiq etilmoqda. Shuningdek, ta’lim sohasida katta islohotlar olib borilyapti: o‘qituvchi zimmasidagi o‘quv jarayoni bilan bog‘liq bo‘lmagan zil zambildek yuk olib tashlandi; mehnati qadrlanyapti, nufuzi balandlashyapti, maoshi oshyapti.
“Odatda oliygohlarda talabalarga dars berishdan ko‘ra, maktab, litsey o‘quvchilariga dars berish mashaqqatli, – deydi Nazira opa – chunki bu o‘quvchilar hali o‘yinqaroqligi tugamagan, hardamhayolligi bosilmagan, ozgina qaysarligi, ozgina arazchiligi bor bolalar-da!
Men ko‘proq mana shunday o‘quvchilarga e’tibor qilaman, ular bilan ishlayman. Ular hayotda yo‘lini yo‘qotmasin deyman, kasbini to‘g‘ri tanlasin deyman. Shuning uchun bo‘lsa kerak, ular oila qurganlaridan keyin ham, ota-onasiga aytolmaydigan sirlarini menga aytishadi, maslahat qilishadi. Hatto umr yo‘ldoshlari ham telefon orqali bog‘lanib turishadi”.
O‘zbek xalqida “Qush tilini qush biladi”, – degan maqol bor. Nazira opa o‘quvchilar tilini yaxshi anglaydigan murabbiy. Uchinchi juftlik darsdan keyin, o‘quvchilar bilan birgalikda tushlik qilayotganlarini ko‘p bora ko‘rganman. Bu polaponlar uylariga oshiqmay, o‘zlari uchun aziz va qadrli 403-xonada dars tayyorlashar, bilmaganlarini ustozlaridan so‘rashar, ba’zan birgalikda latifa aytishib kulib ham olishardi.
Nazira Sodiqova Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti akademik litseyida 15 yildan beri ona tili va adabiyot fanidan dars berib kelmoqda. Maktabda 20 yillik tajribaga ega. Oliy toifali o‘qituvchi, “Xalq ma’orifi a’lochisi”. Tajribali tashkilotchi, mehnatsevar, samimiy, haqchil va xalqchil, so‘zi va ishi teng keluvchi o‘qituvchi.
“O‘quvchilar bilan bog‘liq xotiralarim ko‘p, – deydi Nazira opa. Maktabda o‘qitgan o‘quvchilarimning farzandlarini endi litseyda o‘qityapman. O‘quvchilarimdan biri kelib, dadamlar hozir muolaja olyaptilar, sizdan badiiy asar berib yuborishingizni so‘radilar, – dedi. O‘tkir Hoshimovning “Ikki eshik orasi” romanini berib yubordim, 10 kundan keyin kitobni olib kelishganida, Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” romanini berib yubordim. Bir yil davomida bemor o‘quvchimni kitob bilan ta’minladim. Ota o‘quvchim bolasiga bu asarlarni maktab paytida o‘qimaganligimdan qattiq afsuslandim, sen ustozing tavsiya etgan asarlarni o‘qi, bolam deb nasihat qilibdi.”
Darhaqiqat, bugungi kunda yoshlar qo‘lida badiiy asar bilan katta bo‘lishyapti. Badiiy asar o‘qigan bolaning xulq-atvori, yurish-turishi, odamlarga munosabati ijobiylashadi. Ko‘p kitob o‘qigan bolaning yozma savodxonligi oshib boradi. Yozma savodxonligi bor bo‘lgan o‘quvchi keyinchalik fanda yangilik yaratsa, uni qog‘ozga tushira oladi. Qog‘ozga tushirilgan ilm esa, jamiyat, xalqlar taraqqiyotiga uzoq yillar xizmat qiladi.
Kitob-beminnat tarbiyachidir. Prezidentimizning 2017 yil 12 yanvardagi “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi farmoyishi biz, o‘qituvchilar uchun, o‘quvchilar bilan ishlash imkoniyatini kengaytirdi. O‘zbekistonda ommaviy kitobxonlik madaniyatini shakllantirayotganligi uchun Prezidentimizga rahmat.
Nazira Sodiqova ancha yillar litseyda ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari lavozimida ishladilar. Bu davr litsey hayotidagi eng qizg‘in, eng jonli davr bo‘lgan. Shoir, yozuvchi, olimlar bilan uchrashuvlar, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Nodira, Uvaysiy, Zulfiya, G‘afur G‘ulom, Oybek, Abdulla Qahhorga bag‘ishlangan ilmiy-ijodiy kechalarningo‘tkazilishi o‘quvchilar xotirasida muhrlangan.
Litsey o‘quvchilarga ziyo beruvchi maskangina emas, katta hayotga etaklovchi nurafshon yo‘l ham. Maqsad sari intilayotgan o‘quvchi donishmand yo‘ldoshi – muallimining quyidagi hikmatlarini bot-bot takrorlab yo‘l bosishi lozim. Bu hikmatlar – ular uchun yo‘lchiroq: “Vatani borning – baxti bor”, “Bilimdan ortiq boylik yo‘q”, “Davlat tugar, bilim tugamas”, “Yaxshiga yondosh, yomondan qoch”, “Ilmsizga ishonch yo‘q, hunarsizda quvonch yo‘q”, “Yoshlikda eksang, qarilikda o‘rasan”, “Hunardan rizqing unar”, “Kishi erida sulton bo‘lguncha, o‘z elingda cho‘pon bo‘l”, “Kishi yurtida sulton bo‘lguncha, o‘z yurtingda ulton bo‘l”, “Kishi yurtida shoh bo‘lguncha, o‘z yurtingda gado bo‘l”.
Xalqimizda “Ustozning duosini olgin, kam bo‘lmaysan” degan hikmatli so‘z bor. Alisher Navoiy yozadilar:
Kim senga bir harf o‘qitmish ranj ila,
Aylamak bo‘lmas ado oning haqin yuz ganj ila.
“Mahbub-ul qulub” asarida tag‘in yozadilar: “Yaxshilik qila olmasang, yomonlik ham qilma. Yaxshilikni yomonlikdan yaxshiroq deb bilsang, yaxshilarga qo‘shil, yaxshilik atrofida aylana olmasang, yaxshilar atrofida aylan”.

Filologiya fanlari nomzodi O.R.Iskandarova