«Transport logistikasi va multimodal tashishlar» mavzuida Respublika ilmiy-texnik konferentsiyasi bo‘lib o‘tdi

17 may kuni Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida «Transport logistikasi va multimodal tashishlar» mavzuida xorijiy olimlar ishtirokida respublika ilmiy-texnik konferentsiyasi o‘tkazildi. Konferentsiya O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 25 fevralidagi №133-R son farmoyishiga muvofiq institutning «Transport logistikasi va servis» kafedrasi tashabbusi bilan tashkillashtirildi.
Konferentsiya ishini institut O‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Abdulaziz Gulamov kirish so‘zi bilan ochib, logistika sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish zarurati xususida fikr yuritdi.
Shuningdek, yalpi majlisda Toshkent avtomobil yo‘llarini loyihalashtirish, qurish va ekspluatatsiya qilish instituti dotsenti N.S. Sarvirova «Texnik oliy ta’lim muassasalarida logistlarni tayyorlash muammolari» mavzuida, Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti Ilmiy tadqiqotlar, innovatsiyalar va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash bo‘limi boshlig‘i Avaz Merganov «Kross-doking, temir yo‘lning mijozlar bilan ishlashining yangicha shakli sifatida» mavzuidagi ma’ruzalar tinglandi.
Konferentsiya ishi «Logistika muammolari», «Logistika transport ta’minoti», «Sanoat transportida logistika», «Transport logistika tizimlari» va «Servis logistikasi» seksiyalariga bo‘linib davom ettirildi.
Seksiyalarda 50 dan ortiq mavzudagi ma’ruzalar muhokama qilinib, «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati mutaxassislari, bir qator oliy ta’lim muassasalari o‘qituvchilari, doktorantlar va magistrlar ishtiroki kuzatildi.
Konferentsiya qatnashchilar ma’ruzalarida saralash tepaligining tushib kelish qismini loyihalashtirish, operativ-texnologik aloqa tarmog‘i tahliliga, refrijerator vagonlarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini tashish sharoitlariga va shu kabi masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
Konferentsiya natijasi sifatida temir yo‘l transporti ishini, shuningdek mazkur yo‘nalish bo‘yicha kadrlar tayyorlashni takomillashtirish yuzasidan tavsiyanomalar ishlab chiqildi.

Ilmiy tadqiqotlar, innovatsiyalar va
ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash bo‘limi