Aniq maqsadlar, uzoqni ko‘zlagan rejalar

2019 yil 16 may kuni Toshkent temir yo‘l muhandislari institutiga N.Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti rektori, ilm va texnika sohasida ko‘plab davlat mukofotlari sonibi Anatoliy Aleksandrovich Aleksandrov rahbarligida delegatsiya tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida mehmonlar institutda o’quv jarayonini tashkil etilishi bilan tanishdi. Jahonga mashhur universitet olimlarida institut jamoasiga yaratilgan shart-sharoitlar iliq taassurot uyg‘otdi.
N.Bauman nomida Moskva davlat texnika universiteti rektori Anatoliy Aleksandrov rahbarligidagi delegatsiya va Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti rahbariyatining kengaytirilgan tarkibdagi yig‘ilishida ilmiy-ma’rifiy hamkorlikning ravnaqi haqida so‘z bordi.
Yig‘ilishda Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti va N.Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti qo‘shma dasturi doirasida ta’lim olayotgan 57 nafar o‘zbek yigit-qizlarining istiqboli xususida fikr almashildi.  Yadro energetikasi va termofizika, yuqori texnologiyali plazma va elektr stantsiyalari, energetik mashinasozlik kabi o‘nlab mutaxassisliklarda ta’lim olayotgan o‘zbek yoshlarining har tomonlama chuqur bilim olishlari uchun strategik sheriklikni yangi bosqichga olib chiqish masalalari tahlil qilindi. Yuqori texnologiyalarga asosida sanoati rivojlanayotgan O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun malakali muhandis-texnik kadrlar tayyorlash, oliy texnik ta’lim sohasida halqaro hamkorlikni mustahkamlash masalalariga e’tibor qaratildi.
Institut rektori M.Rasulov mamlakatimizda shakllanayotgan atom energetikasi tarmog‘iga malakali kadrlar tayyorlashni kengaytirishga ahamiyat berish zarurligini bildirdi.
Suhbat chog‘ida ilmiy faoliyat, o‘qituvchilar malakasini oshirish, birgalikda ilmiy tadqiqotlar olib borish, o‘zaro mutaxassislar almashish kabi istiqbolli qo‘shma dastur va loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi.

Institut matbuot xizmati