Achilboy Ramatov Toshkent temir yoʻl muhandislari institutiga tashrif buyurdi

Mamlakatimizda taʼlim sifatini,uning jamiyatda kechayotgan islohotlardagi oʻrni va ishtirokini taʼminlamay turib,taraqqiyotga yuz tutish mushkul.Shu maʼnoda,yurtimizda xalqaro talablarga javob beradigan oliy taʼlim tizimini yaratish boʻyicha keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.

Toshkent temir yoʻl muhandislari institutida Prezidentimizning bu boradagi qarorlarining ijrosini tahlil qilish hamda iqtisodiy sohalardagi oʻzgarishlarda institutning faol ishtirokini taʼminlashga gʻov boʻlayotgan muammolar yechimini topish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari – Transport vaziri Achilboy Jumaniyozovich Ramatov ishtirokida yigʻilish boʻlib oʻtdi.

Ochiq muloqot shaklida oʻtgan yigʻilishda jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashib borayotgan Oʻzbekiston uchun mehnat bozori talablariga tez moslasha oladigan oliy taʼlim tizimini rivojlantirib borish masalasi xususida fikr yuritildi.Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari – Transport vaziri Achilboy Ramatov oʻz soʻzida mamlakatimiz taʼlim tizimida keyingi yillarda qator oʻzgarishlar amalga oshirilayotganligiga toʻxtaldi.Ayniqsa,bu oʻzgarishlar oliy taʼlim tizimida yechilishi zarur boʻlgan muammolarni koʻrsatib qoʻyganligini taʼkidladi.“Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyatida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar,ijtimoiy va iqtisodiy sohalardagi yangilanishlarda institutning faol ishtirokini taʼminlashga toʻsiq boʻlayotgan bir qator asosiy muammolarni keltirib oʻtdi.Jumladan,institutning “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyatining keng qamrovli va tizimli oʻzgarishlardagi ishtiroki hamda tashabbuskorligining yetarli emasligini bildirdi.Ikkinchidan,institutning innovatsion va texnologik gʻoyalar bilan fikr almashadigan muloqot markaziga aylanishini jadallashtirish,jamiyatning tegishli sohalarida mavjud muammo va kamchiliklarni tizimli oʻrganish,tahlil qilish va ularning yechimi boʻyicha taklif kiritish borasida professor-oʻqituvchilar,yosh olimlarning tashabbuskorligini oshirish kerakligini taʼkidladi.

Achilboy Ramatov yigʻilish raisi,“Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati rahbari Xusniddin Xosilovga Toshkent temir yoʻl muhandislari institutini izchil rivojlantirish,professor-oʻqituvchilarning bilim darajasi,kasbiy mahorati va malakasini oshirish,ularni xalqaro talablarga muvofiq qayta tayyorlash va bu yoʻnalishda xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish yuzasidan tavsiyalar berdi.

Transport vaziri professor-oʻqituvchilar bilan muloqotda “Biz hech kimdan kam emasmiz” degan faxrni ishlab chiqarishda shakllanishida institut jamoasining oʻrni beqiyos ekanligini takrorladi.

Jamiyatning mutasaddi rahbarlari bilan hamkorlikda zamonaviy taʼlim yoʻnalishlari tashkil etish yuzasidan yigʻilish ishtirokchilarining fikrlari tinglandi. Yigʻilishda ishtirok etgan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining fan boʻyicha oʻrinbosari Uzoqboy Begimqulovdan “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati mutaxassislari tavsiyalarini eʼtiborga olgan holda oʻquv reja va dasturlarini yaratishda amaliy koʻmak berish soʻraldi.

Transport vaziri Achilbay Ramatov navbatdagi masala sifatida chet tillarida erkin soʻzlasha oladigan mutaxassislarni tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirishga eʼtibor qaratdi.Ushbu yoʻnalishdagi oʻquv dasturlarining uzviyligi va uzluksizligini taʼminlash,ingliz tilini oʻrgatish oʻquv rejasi,dasturi,mashgʻulotlarning davomiyligi nazorat qilish,tinglovchi professor-oʻqituvchilar va bitiruvchilarga zarur shart-sharoitlar yaratib berish borasida takliflar bildirdi.

Yigʻilishda davlatimiz rahbari topshiriqlari ijrosini taʼminlash maqsadida,Toshkent temir yoʻl muhandislari institutida konchilik ishi,koʻmirchilik,geologiya va mineralogiya kabi yoʻnalishlarda kadrlar tayyorlaydigan alohida Konchilik ishi fakultetini tashkil etish,shuningdek,aksiyadorlik jamiyati qoshida Geologiya markazi faoliyatini yoʻlga qoʻyish imkoniyatlarini har tomonlama oʻrganib chiqib, yaqin kelajakda amalga oshirishga kelishib olindi.Institutda yangi taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklarining ochilishi munosabati bilan mavjud taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklarini optimallashtirishga urgʻu berildi.

Shuningdek, yigʻilishda ishtirok etgan Toshkent avtomobil yoʻllarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiya qilish instituti rahbariyati va kafedra mudirlariga ham oʻqitishni tashkil etish jarayoni yuzasidan koʻrsatmalar berildi.

Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilinib,ularning ijrosi boʻyicha qatʼiy nazorat oʻrnatish va muntazam ravishda axborot berib borish zarurligi taʼkidlandi.

Institut matbuot xizmati