Oliy taʼlim muassasalariga test sinovlari orqali qabul qilish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

q a r o r i

Qayd etish lozimki, 2018/2019 oʻquv yilida ilk marotaba oliy taʼlim muassasalari bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga oʻqishga qabul qilish uchun test sinovlari ochiq maydonli binolarda oʻtkazildi.

Imtihonlarni oshkora va shaffof tarzda oʻtkazish maqsadida abituriyentlar binoga kirishda shaxsni identifikatsiyalash qurilmalari yordamida tekshirildi, test sinovlari kuzatuv kameralari yordamida nazorat qilindi. Ushbu jarayonlar abituriyentlarning ota-onalari uchun bevosita katta monitorlarda, Internet tarmogʻi va televideniye orqali toʻgʻridan-toʻgʻri namoyish qilindi.

Shu bilan birga, sohada amalga oshirilayotgan islohotlarni davom ettirgan holda, oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishda oʻtkaziladigan kirish test sinovlarini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, shuningdek, yoshlarning taʼlim olishga boʻlgan ishtiyoqini ragʻbatlantirish maqsadida abituriyentlarning bir nechta bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha tanlovda ishtirok etishlari uchun keng imkoniyatlar yaratish lozim.

Mamlakatimizni yanada rivojlantirish uchun oldimizda turgan ustuvor vazifalarni professional darajada bajarishga qodir yoshlarni tarbiyalash, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani yuqori malakali kadrlar bilan taʼminlash maqsadida, shuningdek, 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturiga muvofiq:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi (keyingi oʻrinlarda – Davlat test markazi), Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Moliya vazirligi hamda Iqtisodiyot va sanoat vazirligining quyidagi takliflari maʼqullansin:

2019/2020 oʻquv yili qabulidan boshlab abituriyentlarga oliy taʼlim muassasalarining test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi bir xil boʻlgan uchtagacha bakalavriat taʼlim yoʻnalishida tanlovda ishtirok etish huquqini berish;

2019/2020 oʻquv yili qabulidan boshlab oliy taʼlim muassasasiga oʻqishga qabul qilish boʻyicha kirish test sinovlarini iyul-avgust oylarida oʻtkazish;

2020/2021 oʻquv yili qabulidan boshlab test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasini ikki boʻlimga ajratib, birinchi boʻlimga barcha test topshiruvchilar uchun majburiy uchta fan – ona tili (oʻzbek, rus yoki qoraqalpoq tili), matematika va Oʻzbekiston tarixi, ikkinchi boʻlimga abituriyent tanlagan bakalavriat taʼlim yoʻnalishiga mos ikkita fanni kiritish;

test sinovlari tashkil etilayotgan oʻquv yilidan avvalgi yillarda taʼlim muassasalarini tugatgan abituriyentlardan (nogironligi boʻlgan yoki toʻliq davlat taʼminotidagi shaxslar bundan mustasno) test sinovlarida ishtirok etishi uchun eng kam ish haqining yarim baravari miqdorida toʻlov undirish;

abituriyentning test sinovidan toʻplagan ballari haqidagi maʼlumotni test sinovi oʻtkazilgan kunning ertasiga, uning talabalikka tavsiya etilgani yoki etilmagani boʻyicha belgilangan tartibda tasdiqlangan tanlov natijasini test sinovlarini oʻtkazish jarayoni toʻliq yakunlangandan keyin bir hafta muddat ichida Davlat test markazining rasmiy veb-saytida eʼlon qilish.

2. Belgilab qoʻyilsinki:

bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga mos test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, baholash mezonlari, test topshiriqlari soni hamda test sinovlarini oʻtkazishning aniq muddatlari Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadi;

2019/2020 oʻquv yili qabulidan boshlab davlat oliy taʼlim muassasalariga bakalavriatga oʻqishga kirish uchun abituriyentlar faqat Davlat xizmatlari markazlari yoki Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qiladilar.

3. Davlat test markazi huzurida yuridik shaxs tashkil etmagan holda Davlat test markazi faoliyatini rivojlantirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda – Jamgʻarma) tashkil etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

Quyidagilar Jamgʻarmani shakllantirish manbalari etib belgilansin:

oliy taʼlim muassasalarining oshirilgan toʻlov-kontrakt tushumlari (5 foizgacha miqdorda);

Davlat test markazi tomonidan shartnoma boʻyicha jismoniy va yuridik shaxslarga xizmatlar koʻrsatishdan tushgan mablagʻlar;

abituriyentlardan test sinovlarida ishtirok etishi uchun undirilgan toʻlovlar;

Jamgʻarmaning vaqtincha boʻsh mablagʻlarini joylashtirishdan olinadigan daromadlar;

yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;

xalqaro moliya tashkilotlari va xorijiy davlatlarning grantlari hamda texnik koʻmaklashish mablagʻlari;

qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar.

4. Belgilansinki, Jamgʻarmaning mablagʻlari foizdagi ulushi chegaralanmagan holda quyidagi maqsadlarga sarflanadi:

Davlat test markazining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash;

Davlat test markazi xodimlarini, shu jumladan, xorijiy davlatlarning ilmiy-tadqiqot, taʼlim va boshqa muassasalarida oʻqitish, malakasini oshirish va stajirovka oʻtash;

Davlat test markazining fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga yoki xorijiy davlatlarning unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalariga ega xodimlarga 30 foiz, fan doktori yoki fan doktori (Doctor of Science) ilmiy darajasiga yoxud xorijiy davlatlarning unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalariga ega xodimlarga oylik ish haqining 35 foizi miqdorida ustamalar toʻlab berish;

Davlat test markazi xodimlariga lavozim maoshining 200 foizigacha boʻlgan miqdorda oylik ustamalar va boshqa ragʻbatlantiruvchi toʻlovlarni amalga oshirish;

fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida yuqori malakali mutaxassislarni, shu jumladan, xorijiy ekspertlar va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarni Davlat test markaziga ishlash uchun jalb etish;

test sinovlari jarayoniga jalb etilgan ishtirokchilarga (bino rahbari va guruh nazoratchilari) ish haqi toʻlash;

test sinovlari oʻtkaziladigan binolarning ijara toʻlovlarini amalga oshirish;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan Davlat test markazi faoliyati bilan bogʻliq boshqa chora-tadbirlar.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatlar boʻyicha, test sinovlari oʻtkaziladigan binolarni jihozlash uchun olib kelinadigan, Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan uskunalar (shaxsni identifikatsiyalash vositalari, video qayd qilish qurilmalari, barmoq izlarini tekshiruvchi, mobil aloqa toʻlqinini toʻsuvchi vositalar, metall detektorlar hamda monitorlar) 2022 yil 1 yanvarga qadar bojxona toʻlovlaridan (bojxona yigʻimlaridan tashqari) ozod qilinsin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

mazkur qarorda belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda Davlat test markazining xodimlarning cheklangan soni 186 nafardan iborat boʻlgan yangilangan tuzilmasini tasdiqlash va uning faoliyatini yanada takomillashtirish toʻgʻrisidagi Hukumat qarorini bir oy muddatda qabul qilsin;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar maʼmuriy markazlarida Davlat test markazlari hududiy boʻlimlarini joylashtirish va kelgusida test sinovlarini yil davomida oʻtkazish maqsadida yengil konstruksiyali materiallardan katta sigʻimli bino va inshootlarni qurish boʻyicha bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga taklif kiritsin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 16 noyabrdagi
PQ–3389-son “Respublika oliy taʼlim muassasalari bakalavriatiga kirish test sinovlarini oʻtkazish tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qaroriga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

8. Davlat test markazi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.