Talabalikning oltin davriga e’tibor

Davlatimiz rahbariyati bugungi kun yoshlarining ta’lim-tarbiyasi uchun barcha imkoniyatlarni yaratib bermoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan 2019 yil 3-aprel kuni yoshlar ta’lim-tarbiyasi uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish, xotin-qizlar bandligini oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan 5ta tashabbus va uni amaliyotga joriy etishga qaratilgan dastur ishlab chiqildi. Xususan, birinchi tashabbusda yoshlarni madaniyat va san’at muassasalariga keng jalb etishga oid dastur loyihasi tayyorlangan.
Davlatimiz rahbari dastur loyihasida tadbirlarni ijrosini tizimli tashkil etish, jumladan, har xil tanlovlar o‘tkazish zarurligini ta’kidladilar. Yoshlar har bir xalqning milliy o‘ziga hosligini ko‘rsatadigan an’ana va marosimlari, urf-odat va bayramlari haqida yetarli bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishlari lozim.
Globallashuv zamonida tashqaridan kirib kelayotgan manqurt g‘oyalar yoshlarimiz miyasiga ularning odob-axloqiga ta’sir qilib qolmoqda. Qadriyatlarsiz inson jamiyat bo‘lmagan, bo‘lmaydi ham. Qaysi jamiyat, yurt o‘z xalqining zukko ota-bobolari, fozila ona-qizlari tomonidan yaratilgan, yillar asrlar davomida amal qilib kelingan qadriyatlarga chuqur e’tibor qilmasa bepisand bo‘lsa unday jamiyat uzoqqa bormaydi. Ma’naviyatdan, qadriyatlardan mahrum bo‘lgan xalq, asta-sekin inqirozga uchraydi. Aksincha, ota meros qadriyatlarni e’zozlab, ular qadrini o‘z joyiga qo‘ya olgan, o‘zining ijtimoiy – siyosiy, madaniy-ma’rifiy, ta’lim tarbiyaviy, pedagogik hayotida zukkolik va topqirlik bilan qo‘llayolgan jamiyatning kelajagi porloq bo‘lishi isbot talab qilmaydigan haqiqatdir.
Shu o‘rinda aytib o‘tish lozimki, TTYMIda qariyb yigirma yildan buyon muntazam o‘tkazilib kelinayotgan an’anaviy “Talabalik bahori” festivali “5ta tashabbus” doirasida tayyorlangan dastur loyihasi ijrosini ta’minlashning bir ko‘rinishi deyishimiz mumkin. Mazkur festival milliy an’analarimizni tiklash, qadriyatlarga hurmatni oshirish, ma’naviy-ahloqiy tarbiyani yo‘lga qo‘yish, turli millat vakillaridan iborat talabalar o‘rtasida do‘stlik aloqalarini mustahkamlash, iste’dodli yoshlarni aniqlash va ularning badiiy salohiyatlarini rivojlantirish uchun imkoniyat yaratgan.
Texnika oliy ta’lim muassasasi talabalari bo‘lishlariga qaramay san’atning turli sohalariga qiziqishlari kuchli bo‘lganligi sababli imkoniyatlarini to‘liq ishga solib, o‘zlarining iqtidorlarini, iste’dodini erkin namoyish etmoqdalar. Raqsga tushish, sahna ko‘rinishlarida aktyorlik qobiliyatlarini ko‘rsata olish, cholg‘u asbobida kuy ijro etish,qo‘shiq kuylashdan tashqari, xalq ijodiyoti merosini o‘rganish bilan birga targ‘ib ham qilmoqdalar.
Nizom bo‘yicha har bir tayyorlangan shartlarga ijodkorona yondoshib o‘zlarining rejissyorlik, tashkilotchilik qobiliyatlarini namoyon etmoqdalar.
Ayniqsa, xar bir fakultet o‘zaro ijobiy raqobatdosh bo‘lishiga qaramay bir birini qo‘llab quvvatlashlari, birgalikda uyushgan holda tashkillashtirganlari quvonarli holdir. Bunga institut rahbariyatining alohida e’tibori va qat’iy talabi tarbiyaviy ahamiyat kasb etib, ularning bo‘sh vaqtni mazmunli o‘tkazishiga qaratilgan hamda ma’naviy-ma’rifiy ishlarga jalb qilishga turtki bo‘lganligi sezilib turibdi.

Nasiba Abraykulova
O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti
“Sahna harakati va jismoniy madaniyat kafedrasi”
mudiri, dotsent, “Talabalik bahori” festival xay’ati a’zosi