Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida voleybol bo‘yicha oliy o‘quv yurtlari talabalari o‘rtasida musobaqa bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 6-12 aprel kunlari O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasining 2019 yilgi sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasiga muvofiq, O‘zbekiston voleybol federatsiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan xamkorlikda voleybol bo‘yicha oliy o‘quv yurtlari talabalari o‘rtasida O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tdi.
Musobaqaning asosiy maqsadi yoshlarda sportga bo‘lgan havas va intilishni, jamiyatimizda sog‘lom turmush tarzi tamoyillarini yanada kuchaytirish, yosh iqtidorli sportchilarni tanlab olish (selektsiya qilish), ularda professional mahorat va ko‘nikmalarni rivojlantirish, sport turlari bo‘yicha mamlakat terma jamoalariga sport zaxirasini tayyorlash, mamlakatimizda talabalarni sport mashg‘ulotlariga uzluksiz jalb qilishga qaratildi.
Toshkent temir yo‘l muhandislari institutining sport majmuasida o‘tkazilgan erkak jamoalar o‘rtasidagi musobaqa o‘yinlarida 17 ta oliy ta’lim muassasalarining komandalari ishtirok etdi. Musobaqa yakunlari bo‘yicha faxrli birinchi o‘rinni o‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti, ikkinchi o‘rinni Namangan muhandislik qurilish instituti va uchinchi o‘rinni Qoraqolpog‘iston davlat universitetlari egalladilar.
Musobaqa mezbonlari – Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti musobaqa ishtirokchilari uchun madaniy-ma’rifiy tadbirlar, kontsert dasturlarini uyushtirdi.

Institut matbuot xizmati