Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti bitiruvchilarini maqsadli ish bilan ta’minlash yuzasidan ishchi komissiya o‘z ish faoliyatini boshladi

“O‘zbekiston temir yo‘lari” aksiyadorlik jamiyat boshqaruvi raisi o‘rinbosari O‘tkir Tursunqulov rahbarligida 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturiga muvofiq “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati korxonalarining joriy va istiqboldagi ehtiyojlari, shuningdek, hududiy, tarmoqlar va maqsadli investitsion loyihalar portfellarini inobatga olgan holda jamiyat tasarrufidagi ta’lim muassasalari bitiruvchilarini ish bilan ta’minlashga bag‘ishlangan ishchi komissiyaning yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda jamiyatning 60 dan ortiq ishlab chiqarish sub’ektlarining rahbariyati, “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ, “Navoiy kon-metullurgiya kombinati” davlat korxonasi, Toshkent shahridagi transport sohasiga mutaxassis tayyorlayotgan o‘rta-maxsus ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirok etdi. Yig‘ilishning asosiy maqsadi Toshkent temir yo‘l muhandislari institutining 1093 nafar bitiruvchilarini maqsadli ish bilan ta’minlash va yosh mutaxassislarga shart-sharoitlar yaratishga qaratildi.
Yig‘ilishda dastlab, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi v.b. Xusniddin Hosilovning 2019 yil 20-fevraldagi “Jamiyat ta’lim muassasalari bilan jamiyat boshqarmalari va yirik korxonalari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash to‘g‘risida”gi 82-N sonli buyrug‘i asosida bajarilgan ishlar yuzasidan batafsil ma’lumot tinglandi. Bitiruvchilarni jamiyat tizimidagi korxonalarga ishga jalb qilish maqsadida fevral-mart oylarida o‘tkazilgan davra suxbatlari, sayyor yig‘ilishlar va yoshlarni moddiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan amaliy tadbirlar yosh mutaxassislarning maqsadlarini aniqlab olishga xizmat qildi.
Komissiya har bir bitiruvchiga taklif qilinayotgan ish joyi, mehnat va maishiy sharoitlari, lavozimi, ish haqi miqdori to‘g‘risidagi va boshqa zarur ma’lumotlar bilan tanishtirdi.
Yig‘ilish davomida komissiya raisi O‘tkir Tursunqulov ta’lim jarayonida yuqori reyting to‘plagan bitiruvchilar bilan suxbatlashdi. Suxbat jarayonida iqtidorli bitiruvchlarga ilm bilan shug‘ullanish taklifini kiritdi. Bugungi zamon barcha sohalar qatorida ilm-fanni ham yangi bosqichga ko‘tarishni talab qilayotganini, zotan, jamiyat oldida turgan dolzarb masalalarni ilm-fansiz yechish qiyin ekanligini ta’kidlab, yosh olimlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash jamiyatning ustuvor vazifasiligini bildirdi.
Shuningdek, to‘lov-kontrakt bo‘yicha ta’lim olgan bitiruvchilar o‘z ixtiyori bilan taqsimot komissiyasida ishtirok etishi va uning roziligi asosida komissiya qarori bilan taklif etilayotgan ish joylariga ishga yuborilishiga e’tibor qaratildi.

Institut matbuot kotibi Dilshod Rahmatov