Insonparvarlik ko‘magi barcha uchun

Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida O‘zbekiston qizil yarim oy jamiyati temir yo‘l mintaqaviy tashkiloti tomonidan favqulodda vaziyatlar sodir bo‘lganda to‘g‘ri harakat qilish va jabrlanganlarga birinchi yordam ko‘rsatishga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi.
Favqulotda vaziyatlar bo‘yicha yo‘riqchi Shavkat Miltiqboev o‘z vaqtida ko‘rsatilgan birinchi tibbiy yordam, ko‘pincha, baxtsiz hodisalarda shikastlanganlar hayotini saqlab qolishda hal qiluvchi omilga aylanishini uqtirdi. O‘tkazilgan seminar mashg‘ulotlar davomida jamiyat faoliyatining asosiy yo‘nalishlari hamda favqulodda vaziyatlar sodir bo‘lganda to‘g‘ri harakat qilish va jabrlanganlarga birinchi yordam ko‘rsatish to‘g‘risida tushuntirishlar va ko‘rgazmali chiqishlar namoyish etildi. Birinchi yordam ko‘rsatishni bilish juda jo‘n va shu bilan birga muhim ko‘nikma ekanligini qayd etildi.
O‘zbekiston qizil yarim oy jamiyati Yoshlar bo‘limi etakchisi Laziza Zakurlaevaning ta’kidlashicha, ushbu jamiyatning asosiy maqsadi yoshlarni insonparvarlik va ezgulik ruhida tarbiyalash, aholini favqulodda vaziyatlar yuz berganda to‘g‘ri harakatlanishni o‘rgatish va birinchi yordam ko‘rsatish ko‘nikmalarini o‘rgatishdan iborat.
Seminar trening yakunida o‘quv mashg‘ulotlarda faol ishtirok etgan talabalarga sertifikatlar topshirildi.

Matbuot xizmati