Institutimiz ayasi

Bu maqola 1 oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida yozilgandi. Institut – katta dargoh, ilm ahliga yozgan maqolam va uning sarlavhasi yoqarmikan deb, bir-ikki kishiga og‘iz soldim. Maslahatlashganlarimdan biri juda tabarruk ayol haqida yaxshi gaplarni yozibsiz, ammo salavhasi “balandparvoz” emasmi, deb qoldi. Institut ayasi – masalan, Anvar Eshonovichday, Xuriniso Toirovnaday insonlarga ham shunda aya bo‘ladimi? – dedi. Shu-shu maqola bir chekkada qolib ketdi.
Kecha institutimizda xush xabar tarqaldi. Xodjaeva Nodira Sharifovna ilk marotaba berilgan “Mo‘’tabar ayol” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanibdi. Maqolani 1 oktyabrda chop etmaganimdan quvondim. Boisi Nodira opaning “institutimiz ayasi” maqomiga haqli ekanligini mukofotlari ham aytib turganligidan faxrlandim.
Aslida nishonlardan ko‘ra qalb mukofotini xush ko‘ruvchi bu ayolni taniganimga ancha bo‘lgan. Lekin Nodira opaga farzand kabi mexr berishimga bir voqea sabab bo‘lgandi.
Voqea uzoq yillar avval, institutimiz akkreditatsiyadan o‘tayotganda yuz bergandi. Kichik majlislar zalida birma-bir o‘qituvchilarni nazoratchilar qabul qilib turar, kimdir qog‘ozlarini to‘g‘rilagan, yana kimdir nimasinidir tikkan, hamma xayajonlanib turganda bir opa hammaga ko‘mak berib, vazminlikka chaqirardi. Qo‘lidagi xujjatlaridan o‘zi ham navbat kutib turganligini sezdim. Navbatim etganida opaning yoniga borib, siz kira qoling, kech ham bo‘lib ketdi, dedim. Nodira opa xujjatlarida kamchiliklar borligini aytib, kiravering dedilar.
Xayron bo‘ldim. Kamchilik bo‘lsa, nega o‘zinikini tuzatmay, o‘zgalarga yordam berib yuribdi, deb o‘yladim. Biroz o‘tib, “Informatika va grafika” kafedrasi dotsenti Islom Mamurov bozor sumkada to‘ldirib xujjat ko‘tarib kelib qoldilar. Nodira opani imlab chaqirib, mana xujjatlariz dedi. Islom akani sodda, to‘pori odamligini oldindan sezardim. Nodira opaning turmush o‘rtog‘i ekanligini shu voqeadan keyin bildim. Nodira opa xijolatdan turmush o‘rtog‘ining bir dunyo xujjatlarni uydan ko‘tarib kelganligidan, jaydariligidan koyinganday bo‘ldi. Bu insonlarning samimiy munosabatlari sabab Nodira opaga mexrim tushdi.
Ayollarning faolligini turlicha baho beradigan insonlar ham yo‘q emas. Uyida nabiralariga bosh bo‘lsa bo‘lmasmidi, deguvchilar ham topiladi. Tomoshabinlarni, jamoaga jonini koyitmaydiganlarni anchasini ko‘rdim. Elchilik…
Nodira opa institutni oilam deb biladi. Chunki boshqacha ishlay olmaydi. Buni men hammadan ko‘ra ko‘proq bilsam kerak. Sababi institut matbuot xizmatiga eng ko‘p murojaat qiladigan ham opa. Ayollar musobaqasi bo‘ladimi, ayol o‘qituvchilar ilmiy daraja oladimi, biror tadbir o‘tkazadimi, qizlarimiz davlat stipendiatlariga tavsiya qilinadimi va yubileylar… hamma-hammasini yoritishimni so‘raydi. O‘g‘lim yoriting. Ko‘nglini olaylik, biz dil ahlimiz, deb qo‘yadilar.
Nazarimda har kuni uyga qaytishda qizlar yotoqxonasidan xabar olib qaytsalar kerak. Deyarli kunda ma’rifiy tadbir. Qizlarimizni o‘zbekona tarbiyalayotgan ham, musofirchilikda onalik vazifasini bajarib yurgan ham shu o‘zimizni ayamiz. Erinmaydigan, charchamaydigan, ziyrak va sinchkov bu ayolni institut jamoasi ham o‘z oilasining a’zosidek qabul qiladi.
Nodira opaning turli darajadagi olgan tashakkurnomalarini sanamoqchi emasman. Eng katta tashakkur insonlar qalbidagi rahmat. Nodira opa shunday mukofotga munosib. Bayram arafasida Nodira opa orqali institut ayollariga rahmatlar aytaman. Ayollar mehnatini tushunguvchi, qadrlovchi insonlarimiz ko‘p bo‘lsin!

Institut matbuot kotibi Dilshod Rahmatov