Xalqaro xotin-qizlar bayrami bilan! (Rahbariyat tabrigi)

Assalomu alaykum, aziz xamkasb opa-singillar va talaba-qizlarim!
Avvalo, siz, azizlarni Xalqaro xotin-qizlar bayrami bilan chin qalbimdan tabriklayman. Ayolni e’zozlash, ayolga ehtirom ko‘rsatish xalqimizga xos olijanob qadriyat sanaladi. Ayniqsa, sizlarning barkamol avlodni tarbiyalab voyaga etkazishdagi o‘rningiz va xizmatingizni hech narsa bilan qiyoslab, baholab bo‘lmaydi.
Bugungi kunda institutimiz hayotida o‘zlarini to‘la namoyon etib kelayotgan opa-singillarimizning munosib xizmatlarini qadrlayman. Ko‘zlagan ulkan va mas’uliyatli marralarimiz bor. Bunday marralarga erishishda mehnat jamoamizdagi tinchlik va barqarorlik, o‘zaro hurmat, mehr-oqibat muhitini saqlash va mustahkamlashda ayollarimizning donoligi, shukronalik va kasbiga sadoqat kabi ibratli xususiyatlari hal qiluvchi ahamiyat kasb etishiga aminman.
Sizlarni bugungi qutlug‘ bayram bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, farzandlaringiz, nabiralaringiz va shogirdlaringiz kamolini ko‘rishni tilayman.
Talaba-qizlarimga institutlarni a’lo baholarga tamomlab, hayotbaxsh umidlar bilan umrguzaronlik qilishlarini Yaratgandan so‘rab qolaman.
Sizlarni o‘zingiz kabi chiroyli va dilbar bayramingiz bilan yana bir bor tabriklar ekanman, barchangizga sihat-salomatlik, baxtu saodat, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.

Institut rektori Ma’rufjon Rasulov

 

Hurmatli ayol-xamkasblar!
8 mart kuni munosabati bilan samimiy, taftli, yoqimli tabriklarimni qabul qiling! Kirib kelgan bahor baxtli lahzalarimizning ilk kunlariga aylansin! Siz va barcha oila a’zolaringizga salomatlik, farovon hayot, tinchlik tilayman. Xonadonlarimiz shodlikka to‘lsin. Boshlagan ishlaringizga omad va muvaffaqiyatlar hamrox bo‘lsin!

Institut prorektori Anvar Adilxodjaev

 

Qadrli institut ayollari!
Xalqaro xotin-qizlar bayramida eng samimiy tilaklarimni qabul qiling!
Yoshlarimizni zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallagan, mustaqil fikrlaydigan, rivojlangan davlatlardagi tengdoshlari bilan turli jabhalarda bellashuvga qodir bo‘lgan sog‘lom va barkamol avlod etib tarbiyalash, ularning qalbi va ongini zararli g‘oya va ta’sirlardan himoya qilish yo‘lida siz, jonkuyar opa-singillarimizning fidokorona xizmatlaringiz uchun har qancha tahsin va tasannolar aytsak arziydi. Qalban Siz azizlarga mustahkam sog‘liq, baxt va ijodiy barkamollik tilayman!

Institut prorektori Dilshod Baratov

 

8 mart – eng nazokatli, beg‘ubor bahor bayrami sanaladi. Bu kun latofatli ayollarimiz maqtovlar, tabriklardan gul kabi yashnashadi. 8-mart bayramini ayollarimizga o‘zlarining qahramonliklarini his qilish, biz erkaklarga qalbimizdagi bor tilaklarimizni qayta takrorlash imkoniyatini berganligi uchun yaxshi ko‘raman. Yuzingizdagi quvonch, oilangizdagi baxt har nafas yangilanib tursin!

Institut prorektori Abdulaziz Gulamov

 

Institutimizning go‘zal, lobar va o‘z kasbiga sadoqatli ayollari borligi tufayli har kuni ishga ijobiy his-tuyg‘ular bilan kirib kelamiz.
Ayollarimizning ilm-fan va ta’limni rivojlanishidagi hissasini baholash, institutimiz faoliyatidagi ulushini chamalash qiyin. Biroq aminmanki, yutuqlarimizning asosida Siz azizlarning samarali va matonatli mehnatlaringiz borligini barchamiz bilamiz. Siz baxtli bo‘lsangiz, jamoamizning ertasi albatta bor! Samimiy tabriklarimni qabul qiling.

Institut prorektori Shukurali Tursunov