Oramizdagi ayollar

Oramizda shunday kasb egalari borki, mashaqqatli mehnatlari qahramonlikka loyiq bo‘lsa-da, ularning qadriga etmaymiz. Zahmatli mehnatlariga e’tibor qilmaymiz. Ammo anglamaymizki, Allohning nazdida bizdan ko‘ra ularning mehnati qadrliroq, zahmatiga mukofotlari ko‘proq. Bugungi qahramonimiz Xudoyberdieva Mastura opa orqali barcha ishchi opa-singillarimizni bayram bilan qutlaymiz…

Har kuni ertalab ishga shoshilamiz. Ravon yo‘llar, pokiza yo‘laklarni supurib-sidirgan farroshlar mehnati haqida hech o‘ylamaymiz. Ular erta tongda hayot boshlanmay turib, shirin uyqularidan kechib, sizu biz yangi ish kunimizni yaxshi kayfiyatda boshlashimiz uchun chor-atrofimizni ozoda qilib qo‘yadilar.
Lekin hammamiz ham ularning mehnati qadriga etamizmi? Ba’zida institut yo‘lakaylari, auditoriyalarida tamaddi qilamiz-u, taomdan bo‘shagan elim xalta, qog‘oz sochiqlarni erga uloqtiramiz. Ayrimlar pista chaqadilar-da, po‘chog‘ini erga tashlab ketaverishadi. Ertalabda institut yo‘laklarida ko‘nglingiz ravshan tortib yurgan bo‘lsangiz, kun botmay o‘sha yurgan yo‘laklaringiz qandaydir axlat uyumlariga to‘lib ketadi. Tongda esa supurib-sidirilgan auditoriyalardagi saranjom-sarishtalikni ko‘rib, yayrab ketamiz.
Ha, kun yoyilmay ish boshlaydigan o‘sha eng yaxshi odamlar sizu bizning oramizda. Kamsuqumgina mehnati bilan ko‘nglimizni ravshan qilib yurishibdi.
Mastura Xudoyberdieva Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida faoliyatini farroshlikdan boshlaganlar. Xozirda 1-o‘quv korpusi komendanti lavozimida ishlab kelmoqda. O‘ziga ajratilgan hududlarni tong yorishmay supurib-sidirib, ko‘chalarga fayz kiritayotgan opa-singillarimizning rahbari. Sarishta va halol mehnatining orqasidan 3 nafar farzandini voyaga etkazdi. Quda-andali, nabirali bo‘ldi. O‘g‘illarining ikki nafarini o‘zimiz o‘qitganmiz. Tarbiyali yigitlar.
Mastura opani qo‘l ostida ishlayotgan ayollar, avvalo opani inson sifatida hurmat qiladilar. Jon sarak ayol deyishadi. Tartibli va ozodalikni xush ko‘rishini o‘zim ham sezganman. Institutdagi ayollar Mastura opani mehribonligini, xamkasblari uchun to‘y-marakalalarda “turib” berishini mamnunlik bilan sifatlashadi.
Erta turgan odamning rizqi ulug‘ bo‘ladi, deyishadi. Shu bois, Mastura opa azonda, yulduzlar samoni tark etmay turib ishga oshiqadi. U saranjom-sarishta qilgan institutda qancha-qancha talabalar bilim oladi. Bu haqiqiy ma’nodagi savob. Talabalarning ota-onalari Mastura opani tanimasalarda, duo qiladilar. Ko‘pchilikning duosi esa ijobatdir.
Bahor kelishi bilan Mastura opa singari er yuzini tozalovchi sarishta-farishta opa-singillarimizning ishi yanada ko‘payadi. Institutimizni obod, xududlarimizni ko‘kalamzorlashtirishga eng ko‘p hissa qo‘shayotganlar ham shular.
Avvalom bor Mastura opani, qolaversa kamtar, mehnatkash farrosh opa-singillarimizni bayram bilan tabriklaymiz! Beminnat topayotgan rizqlaringiz, yaxshi kunlarga buyursin!

Dilshod Rahmatov