Ezgulikka undovchi kasbdoshlarimga

Bugungi kun har birimizdan ziyo tarqatuvchi, ma’rifat ulashuvchi bo‘lishni talab qilmoqda. Buning uchun, bizdan kuchli istak, aql-farosat, bilim va sabr-bardosh talab etiladi. Bugun shunday fidoyi insonlar oramizda bor. Bugun sumkalaridagi kitoblarni boshga toj aylasa, yuki engillashini ko‘rsatib bera oladigan, zakiy insonlarga ehtiyojimiz bor. Bayram munosabati bilan siyosiy fanlari nomzodi Xabibullo Rajabov institut kutubxonachi va o‘quv-yordamchi xodimlariga o‘z minnatdorchiligini bildirdi…

Nemis xalqining buyuk shoiri va faylasufi Gyote «Mutolaa – kuchli san’atdir» degan edi. Bu san’atni egallamoq kishidan kuchli aql va oliy toifadagi farosatni talab etadi, ayniqsa, ongimizni turli xil seriallar, kinofilmlar, kontsertlar va shoular tinimsiz «bombardimon» etib turgan bir davrda.
Ma’no-mantiqsiz filmlardagi kadrlardan, san’atni oyoqosti qilayotgan kuy-qo‘shiqlardan, beparda qiziqchiliklardan engil zavq olishga o‘rgangan, miyasi dangasalikka moyil kishilarni mutolaaga jalb qilish oson emas. Bu vazifa kishidan katta fidoyilikni talab etadi. Ayni masaladagi fidoyilik haqida gap ketganida, bir zumda ko‘z oldimga institut kutubxonachi ayollari keladi. Kalbergenova Oltinoy, Musaeva Umida, Voskoboynikova Elena, Rajabova Muqaddas, Matkarimova Narmina. Bu ro‘yxatni uzoq davom ettirishim mumkin. Bu go‘zal qalbli insonlarning ibratli faoliyati, millatidan qat’i nazar, ziyo istagan barcha insonlar uchun namuna va ibrat bo‘larlidir.
Kutubxonachini ishi faqat kitob tarqatish deganlar yanglishadi. Tongdan kitoblarni saralash, bo‘limlarga bo‘lish, kitoblarni fondlarga joylashtirish, berilgan buyurtma kitoblarni izlash va kitobxonga etkazish, katologlarni tartibga solish va xakozo. Biz bilgan va bilmagan kundalik ishlarni beminnat qilayotgan haqiqiy ma’nodagi ziyo tarqatuvchi opa-singillarimizga rahmat aytamiz. Jamoaning tafakkur olami kengayib ilmga rag‘bati, hayotga muxabbati oshib borishida kutubxonachilarning kundalik faoliyati katta ahamiyatga ega.
Uzoq yillardan beri institut kutubxonasida ishlab kelayotgan Altin Talipovna Kalberganova Xotin-qizlar bayrami arafasida institut rektorining tashakkurnomasi bilan taqdirlanganidan mamnun ekanligini ko‘rib quvondim. Kamtarlik va samimiyat yuzidan nur bo‘lib yog‘iladigan Oltinoy opa rahbarlik qilayotgan Ilmiy adabiyotlar bo‘limi har doim talabalar bilan gavjum. Institut jamoasi Oltinoy opa deb, suyadigan xamkasbimiz o‘z kasbiga fidoyiligi bilan hurmatga munosib.
Insoniyat kutubxonaga, kutubxonachilar faoliyatiga hurmat bilan qarab kelgan. Biz professor-o‘qituvchilar Oltinoy opa kabi kutubxonachi va institut xodimalariga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz.
Bizning o‘qituvchilik faoliyatmiz Sizning kamtar mexnatingizga bog‘liq. Omon bo‘ling azizlar! Kitob kabi qadringiz baland bo‘lsin!

Xabibullo Rajabov