Ilmni sevishni o‘rgatganingiz uchun rahmat

Hayot falsafasi, ma’no-mazmuni va go‘zalligi, eng avvalo, barchamizni dunyoga keltirgan Ona siymosida, ona timsolida namoyon bo‘ladi. Hayotda onamizga qiyoslashga munosib bo‘lgan insonlarni uchratamiz. Mehri daryo inson – “Tillar” kafedrasi dotsenti, filologiya fanlari nomzodi Muqaddas G‘afforovna Kamilova haqida shogirdi Munira Mirobidova so‘z yuritadi…

Har faslning o‘ziga yarasha fazilati bor. Qishning qahratoni-yu yozning jaziramasi gohida bizni charchatgandek tuyuladi. Shunday vaqtlarda bir muddat tin olgimiz, oila atalmish ko‘nalg‘almizdan chiqqimiz kelmay qolayotgandek bo‘lamiz. Ammo yashashning, hayotning o‘z qonuniyatlari bor…Harakat va tashvish esa hayot qonuni!
Mana 40 yildirki, qahramonimiz har tongni go‘zal orzular bilan qarshilab, shaharning u chekkasi – Samarqand Darvozadan bu chekkasiga umrining saodat manziliga aylanib ulgurgan Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti tomon yo‘l oladi. Biladiki, bu manzilda ham oilasidek qadrli insonlari, aziz talaba-farzandlari uning mehriga mushtoq. Anglaydiki, mehnati qadr topgan.
Taqdirning aynan ushbu institut bilan bog‘liqligi haqidagi so‘rog‘imga hikoyamiz qahramoni – filologiya fanlar nomzodi, dotsent, Mukaddas opa Komilova ancha hayolga toldilar-da, taqdirdan rizolik tabassumlari bilan xotirlay boshladilar.
Taqdir degani shu bo‘lsa kerak-da. Asli – yoshligimda shifokor bo‘lishni orzu qilardim. Maktabni tugatgach, xujjatlarimni ToshMI (hozirda Toshkent Meditsina Akademiyasi)ga topshirdim. O‘sha yili imtixondan o‘tolmadim. Hafa bo‘lib turgan edim, menga bir domla ro‘para kelib qoldi va u: “ Menning familiyam Muhammedov, men domlaman. Fizikadan baholaringiz yaxshi ekan, bizning temir yo‘l institutimizda o‘qishni hohlaysizmi?” – deb so‘radilar. Taklifdan jahlim chiqdi, domlaga javob bermasam – da, ichimdan “ Kelib – kelib, ayol boshim bilan endi temiryo‘lchi bo‘lamanmi?” deya hayolimdan o‘tqazgandim o‘shanda. Keyinchalik dadamning ta’sirlari tufaylimi o‘qituvchilik kasbini egalladim. Xudoga shukur, shiforkorlikka shunchalik mehr ko‘ygan ekanmanmi, taqdir turmushimni shifokor inson bilan bog‘ladi. Hozirda to‘rt nafar farzandlarimning uch nafari shifokor. O‘zimga kelsak, taqdirdan qochib bo‘lmaydi deganlaridek, ish faoliyatim temir yo‘l bilan uzviy bog‘langan.
Yoshi ulug‘ va allaqachon institutni bitirib ketgan insonlarning alohida kelib OPAni yo‘qlashlari, mehr bilan yosh talabar kabi tinglashlari kafedramiz o‘qituvchilariga olam-olam zavq ulashadi.Opadagi o‘z kasbiga bo‘lgan mehri yanada tovlanib, hayotdan zavqlanib yashashiga undaydi va uning fikru g‘oyalarini yanada jo‘shqinlantiradi. Ba’zan yosh o‘qituvchilarining bir xil qolipga tushib qolgan kun tartibini va faoliyatidagi sustkashliklarini ko‘rib ustoz ularga yo‘nalish beradilar. Uch farzandlik paytlarida o‘n bir oylik chakaloqni tashlab, Leningradga borib konferentsiyalarda ma’ruza o‘qib kelganlar. Bir ko‘lida beshik, bir ko‘lida qog‘oz qalam bilan yashash va ilmga intilish o‘z o‘zidan oson bo‘lmagan, albatta. Bunga balki bolalikdan olgan tarbiya sababchidir. Ustozlari Fozila Sulaymonova, olimaga shogird tushishlari ham taqdirning katta tuxfasi bo‘lgan.
Hayot yo‘li bir tekis emas. Inson umrida quvonchli va dardli kunlarning bo‘lishi tabiiy. Kuvonchli kunlarimizni uzaytiradigan, dardli damlarimizga dilkash bo‘ladigan, dardlarni aritadigan malham MEHNAT ekanligi sinovimizdan ko‘p marta o‘tgan.
Bugungi kunda Muqaddas Kamilova shirindan shakar nabiralarga mehribon buvijon, mahallaning Ziyoli ayollaridan biri, Toshkent temir yo‘l muhandislari institutining “Tillar” kafedrasining fahriy xodimi hisoblanadi.
Shu o‘rinda aytish joizki, qahramonimiz o‘zbek musiqa ilmining rivojlanishiga munosib hissa ko‘shgan Rajabiylar avlodidan. Hozirgi kunda o‘z ajdodlarining musiqa yo‘lidagi ilmiy merosini rus tiliga tarjima qilish ustida ish olib bormoqda. Mukaddas Kamilova kabi tilshunos fidoiy ustozlar bor ekan, o‘sib kelayotgan yosh avlod til – milliy g‘urur ekanligini xis etib, Alisher Navoiy kabi mutaffakirlarni anglab, turli ma’naviy tahdidlar ta’siriga tushmay, komil inson bo‘lib voyaga etadi degan umiddamiz.
O‘qituvchilik kasbini tanlagan singillarimga tilagim, barchamizga Ustozning ilm yo‘lini bersin!

“Tillar” kafedrasi assistenti Munira Mirobidova