“Ajdodlar merosi” haftaligi yakunlandi

    Mamlakatimiz bo‘ylab, buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 578 yilligi, hamda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 536 yilligi keng nishonlanmoqda. Shu munosabat bilan Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida talabalarni o‘zbek adabiy tili va adabiyotining asoschisi Alisher Navoiy hamda tarixchi, davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodi bilan yaqindan tanishtirish maqsadida “Ajdodlar merosi” nomli haftalik o‘tkazildi.
Joriy yilning 14 fevral kuni soat 11-00da institut faollar zalida yozuchi va shoirlar, tarixchi olimlar, professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar ishtirokida “Ajdodlar merosi” nomli haftalik yakuni bo‘lib o‘tdi.
Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti prorektori Dilshod Baratov va boshqalar mustaqillik yillarida buyuk ajdodlarimizga ehtirom ko‘rsatish, asarlarini chuqur va mukammal o‘rganish mamlakatimizda davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganini e’tirof etdi. Zero, ikki zabardas ijodkorlarning asarlarida tarannum etgan ezgu g‘oyalar mustaqil Vatanimizning bugungi hayoti, ozod xalqimizning faravonligi, istiqbolli orzu-maqsadlarida o‘z ifodasini topmoqda.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar Alisher Navoiy merosi nafaqat xalqimiz, butun bashariyatning bebaho ma’naviy mulkiga aylanganini qayd etdilar. Ayni paytda ulug‘ mutafakkir o‘z asarlarida tarannum etgan ezgu g‘oyalar butun insoniyatni tinchlikka, hamjihatlikka da’vat etib kelayotir.
Ulug‘ o‘zbek shoiri, mutafakkir tarixchi va davlat arbobi, va Boburiylar saltanati asoschisi Zahiriddin Muhammad Bobur o‘zidan boy adabiy va ilmiy meros qoldirdi. Shox va shoir Bobur asarlarida yurt ishqida yonish, vatanga muhabbat, sadoqat, vatanparvarlik, halolik, tinchlik g‘oyalari ilgari surilgani bilan ajralib turadi.
Tadbirda talabalar buyuk shoirlar asarlaridan namunalar o‘qidi. G‘azallariga bag‘ishlangan kuy va qo‘shiq yangradi.
Tadbir so‘ngida haftalikda faol qatnashgan talaba-yoshlarni taqdirlash marosimiga o‘tkazildi.
“Ajdodlar merosi” nomli haftalik O‘zbekiston Davlat drama teatrida Alisher Navoiy “Xamsa”sining to‘rtinchi dostoni “Sab’ai sayyor” asosida sahnalashtirilgan spektakl namoyishi bilan yakunlandi.

Ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi