Madad bo‘lish baxti va mas’uliyati

Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida 7531-harbiy qism muddatli harbiy xizmatchilari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida yashovchi harbiy xizmatchilarning ota-onalari, do‘stlari ishtirokida “Mening do‘stim – Vatan himoyachisi” mavzusida to‘g‘ridan-to‘g‘ri videokonferentsiya bo‘lib o‘tdi. Videokonferentsiyani institut prorektor Dilshod Baratov va Muhammad al-Xorazmiy nomidagi TATU Nukus filiali direktor o‘rinbosari Xayratdin Seytkamalov ochib berdi va moderatorlik qildi.

Videoko‘prik muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan askarlar bilan ularning oila a’zolari va yaqinlarining diydorlashuviga xizmat qildi. Videomuloqot askar onalariga o‘zgacha ruh va kayfiyat ulashdi. Askarlar videokonferentsiya orqali ijtimoiy-maishiy sharoiti haqida ota-onalariga batafsil ma’lumotlar berdi. Onalar o‘z tilaklarida farzandlarini mustaqilligimizni, osoyishta hayotimizni asrab-avvaylashga, fidoyi va barcha o‘zbek yoshlariga har tomonlama o‘rnak bo‘lishga chaqirdi.

Tadbir so‘nggida Qurolli Kuchlarimiz safida xizmat burchini a’lo darajada o‘tayotgan askarlarga Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti rahbariyatining tashakkurnomalari topshirildi.

Videokonferentsiya ishtirokchilari va 7531-harbiy qism rahbariyati muloqotni tashkil etgan va harbiylarni yaqinlari bilan diydorlashishga madad bergan institut rahbariyatiga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.

Institut matbuot xizmati