“El-yurt umidi” jamg‘armasi xususidagi anjuman

2018 yil 25 sentabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezident farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida “El-yurt umidi” jamg‘armasi tashkil etildi.
“El-yurt umidi” jamg‘armasining asosiy maqsadi – xorijda yashayotgan va ishlayotgan vatandoshlarimiz, ayniqsa, katta ilmiy salohiyatga ega bo‘lgan olimlar, mutaxassislar va iste’dodli yoshlar bilan o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, etakchi xorijiy ta’lim muassasalarida hamda O‘zbekistonda tayyorlash va malakasini oshirish yo‘li bilan O‘zbekistonning har tomonlama va tezkor rivojlanishi uchun zarur, jahon mehnat bozorida raqobatbardosh va yuqori malakali kadrlar bilan ta’minlashdir.
Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti jamoasida jamg‘arma faoliyatiga qiziqish bilan bir qatorda, o‘zlarining ta’lim salohiyatini ro‘yobga chiqarishga intilishlar kuchaydi. Jamg‘armaning faoliyati va istiqboldagi rejalari bilan yaqindan tanishtirish maqsadida institut o‘quv ishlari  bo’yicha prorektor Abdulaziz G‘ulomov rahbarligida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
A.G‘ulomov “El-yurt umidi” jamg‘armasi oldidagi mas’uliyatli vazifalar hususida batafsil ma’lumot berdi. O‘zbekistonlik iqtidorli yoshlarni doktorantura va magistratura dasturlari bo‘yicha o‘qitish, turli soha mutaxassislarining malakasini oshirish va stajirovkasini tashkil etish, xorijdagi vatandoshlar bilan doimiy muloqot o‘rnatish, ularni mamlakatimizda bo‘layotgan ijimoiy-iqtisodiy islohotlarga jalb qilish, chet eldagi universitetlar va ilmiy markazlar bilan hamkorlikda yuqori malakali kadrlarni tayyorlashga ko‘mak berish masalasi qo‘yilganligini qayd etdi. Malaka oshirish, stajirovka o‘tash, magistratura va doktorantura dasturlarini muvafaqqiyatli yakunlaganlar mehnat faoliyatini oliy ta’lim muassasalarida davom ettirish kerakligini uqtirdi. Qo‘shimcha ma’lumotlarni jamg‘armaning rasmiy sayti – http://eyuf.uz orqali olish imkoniyati borligini bildirdi.
Institut iqtidorli talabalari bilan ishlash bo‘yicha koordinatori Sh.M. Suyunbaev, jamg‘arma stipendiyalari belgilangan tartibda qaysi dasturlarga ajratilishi, jamg‘arma stipendiyalari tanlovdan o‘tgan shaxslar (stipendiatlar) uchun qaysi xarajatlarni jamg‘arma tomonidan qoplanishi, tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan nomzodlarga quyiladigan talablar va taqdim etiladigan hujjatlar ro‘yxati hamda nomzodlarni saralash bosqichlari to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdi.
Anjumanga professor-o‘qituvchilar, fakulьtet dekanlari, yosh olimlar va bitiruvchi talabalar taklif etildi.
Tadbir yakuniy qarori sifatida «El-yurt umidi» jamg‘armasi stipendiyasi tanlovida ishtirok etish istagini bildirgan nomzodlar fakultet dekanlariga 2018 yil 26 dekabrga qadar murojaat qilishlari kerakligi belgilab qo‘yildi.

Matbuot xizmati.