Temiryo‘lchilar oilasi – sportchilar oilasi

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev rahnamoligida jamiyatda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, aholi salomatligini mustahkamlashning muhim omili sifatida sportni ommalashtirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Jismoniy tarbiya, sport mashg‘ulotlari odamlarning kundalik hayot tarziga aylanmoqda. 

Institut rektori Ma’rufjon Rasulovning buyrug‘iga muvofiq, professor-o‘qituvchiva ishchi-xodimlarni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb qilish, ular o‘rtasida ommaviy sport musobaqalarini o‘tkazish maqsadida “Temiryo‘lchilar oilasi – sportchilar oilasi” sport musobaqalari tashkil etildi. Sport musobaqalarida 5 ta oilaviy jamoa ishtirok etdi.
Ota, ona va bolalar o‘rtasida sportning bir qator yo‘nalishlari bo‘yicha musobaqalar tashkil etildi. Musobaqaning 1-shartida otalar futbol to‘pi bilan, onalar arg‘umchoq bilan, to‘ng‘ich farzand basketbol, kenja farzand voleybol to‘pini qo‘lida tutgan holda fishkalar orasidan yugurib o‘tish bo‘yicha bellashdilar. 2-shartda otalar basketbol xalqasiga to‘p uloqtirish, onalar keglini urib tushirish, farzandlar futbol darvozasiga to‘pni tepish bo‘yicha musobaqalashdilar. So‘nggi shartda oilalar qur’a orqali arqon tortish bo‘yicha kurashdilar.
Qizg‘in o‘tgan bahsda Ichki nazorat va monitoring bo‘limi xodimi Zulfiya To‘xtaoxunova va uning oilasi 1-o‘rinni, Elektromexanika fakulteti dekani o‘rinbosari Ulug‘bek Isroilov va uning oilasi 2-o‘rinni, O‘quv bo‘limi xodimi Sitora Ruzmetova va uning oilasi 3-o‘rinni egalladilar.
Musobaqa g‘oliblari institut rahbariyati hamda Kasaba uyushmasi tomonidan uy-ro‘zg‘or buyumlari va ishtirok etgan barcha xodimlarning farzandlariga qimmatbaho sovg‘alar taqdim etildi. Rag‘batlantiruvchi mukofotlar institut qoshidagi “Mirobod” akademik litseyi o‘qituvchisi Sadoqat O‘zbekova oilasiga va “Qurilish mexanikasi” kafedrasi assistenti Farxod Abduqodirovlar oilasiga topshirildi.

Matbuot xizmati