Bugungi kunining dolzarb muommolaridan biri

Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida ayni vaqtda 5000 ortiq turli millat vakillari, diniy qarashi va e’tiqodi turlicha bo‘lgan, mamlakatimizning barcha hududlari va xorijdan kelgan yoshlar tahsil olmoqda. Institutda o‘z qarashlari va jarayonlarga turlicha munosabat bildiradigan, har hil oilalarda tarbiyalangan, ma’naviy imkoniyatlari va ahloqiy qadriyatlari rang-barang bo‘lgan yigit-qizlarni kasbga yo‘naltirish asosida ma’naviy kamolotga erishtirish masalasiga e’tibor kun sayin kuchaymoqda. Biroq o‘smirlar o‘rtasida ekstremal va kutilmagan sharoitlarda qarama-qarshilik chiqishidan saqlab turgan zaif chegarani, chiziqni osongina bosib o‘tishi mumkin bo‘lgan yoshlar ham uchrab turibdi.

Ushbu harakatlarni oldini olish, o‘smir-yoshlardagi ehtiroslarni pasaytirish, shuningdek, qishki ta’til davrida talabalarning manzillariga etib olishlari, yaxshi hordiq olib qaytishlari uchun shart-sharoit yaratish maqsadida Mirobod tuman Ichki ishlar bo‘limi rahbarlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi. Tadbirni institut Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori Dilshod Baratov olib bordi.
Mirobod tumani ichki ishlar idoralari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i, podpolkovnik Mirjalol Miralimov nutqida ota-onalarning mas’uliyatsizligi, jamoatchilikning e’tiborsizligi tufayli talabalar o‘rtasida huquqbuzarliklar sodir bo‘layotganligini ma’lum qildi. Ota-ona farzandi tarbiyasi va ahloqi uchun asosiy javobgarligini, ular o‘z bolalarining sog‘lig‘i, jismoniy, ruhiy, ma’naviy va axloqiy fazilatlariga mas’ulligi qonun hujjatlarida belgilanganligini ta’kidladi. Talaba o‘z hatti-harakatlari uchun mutloq javobgarligini qayd etdi.
Ichki ishlar podpolkovnigi S.Zayniddinov talabalar o‘rtasidagi ziddiyatlarning jinoyat bilan tugayotganligini misollar bilan tushuntirib berdi. Yoshlarning bor-yo‘g‘i cho‘chitib qo‘yish istagi bilan boshlangan “o‘zaro munosabatlar” yakunida o‘lim bilan yakunlanayotligini, tig‘li qurollarning fojeali oqibatlarini jinoyat kodeksi bilan bog‘lab tushuntirib berdi. Jumladan joriy yilning 17 dekabr kuni Namangan viloyatida 1993 yilda tug‘ilgan fuqaro M.Abdugafforov o‘zini anchadan beri uylanish maqsadida uchrashib yurgan Namangan viloyatida 2000 yilda tug‘ilgan tanishi O.Kirgizovadan ota-onasi uni boshqa yigitga turmushga berayotganini eshitgach uni qasddan o‘ldirish maqsadida oshxona pichog‘i bilan urib, ko‘plab sanchib–kesilgan tan jarohati etkazganini, o‘zi tomonidan sodir etilgan jinoyatini anglagan jabrlanuvchini Toshkent tibbiyot akademiyasining 1-klinikasiga olib borgan bo‘lsada, shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan tibbiy muolajaga qaramasdan vafot etganini, Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan M.Abdugafforovga nisbatan jinoyat kodeksining 97-moddasi 1 qismi bilan jinoyi ishi qo‘zg‘atilganligini qayd etdi.
Tadbir yakunida yig‘ilish ishtirokchilari e’tiboriga “Tig‘ va uning salbiy oqibatlari” nomli xujjatli film havola etildi.  Talaba yoshlarning maqsadlarga erishishi ularning irodali, bilimli, fidokor, mehnatsevar va tarbiyali bulishiga boglik ekanligini tadbir xulosasi sifatida qabul qilindi.

Matbuot xizmati