Ilk marotaba patent asosida himoya

Hozirgi kunda hech bir sohani kimyo sanoati yutuqlarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Jumladan ko‘p tarmoqli temir yo‘l tizimida kimyogar olimlarning ilmiy ishlanma natijalarini tadbiq etish ahamiyatlidir.
Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida o’tkazilgan akademik Abdulahat Jalilov ishtirokidagi ilmiy seminarda kimyo sohasida erishilgan yutuqlarni temir yo‘l tizimida qo‘llash istiqbollarini belgilab olishga qaratildi.
Akademik A.Jalilov “Kimyo texnologiya ilmiy-tadqiqot instituti ishlanmalari va ularni temir yo‘l transportida qo‘llash istiqbollari” mavzusidagi ma’ruzasida temir yo‘l tizimi korxonalarining rentabelligini yanada oshirish kimyoviy modda va qo‘shinmalaridan foydalanish darajasiga bog‘liqligi xususida fikr yuritdi. Isloh qilinayotgan kimyo sanoatining so‘nggi yillardagi faoliyatiga atroflicha to‘xtaldi. Ayniqsa O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 25 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida kimyo sanoatini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida begilanganidek, Toshkent kimyoviy texnologiyalar ilmiy-tadqiqot instituti negizida ilmiy-tadqiqot, injiniring va loyihalash, diagnostika hamda xodimlar malakasini oshirish yo‘nalishlarini o‘zida mujassam qilgan yagona markazni yaratishda ilmiy salohiyati yuqori institutlar imkoniyatlaridan foydalanishga qaratayotganligini bildirdi.
Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti – ilmiy salohiyati yuqori institut ekanligini e’tirof etdi. U o‘z fikrini, professor Anvar Adilxodjaev rahbarligida Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida ilmiy tadqiqot olib borayotgan Tursoat Amirov dissertatsiya himoyasiz ixtiro patenti asosida PhD ilmiy darajasini olish arafasida turganligi bilan asosladi. Himoyasiz ilmiy daraja olish institut tarixida ilk marotaba ekanligini ta’kidlab, doktorant T.Amirovning “Beton va temirbeton buyumlarini himoyalash usuli” sohasidagi ixtirolari institut professor-o‘qituvchilari ko‘magida amalga oshirilganligini bildirdi.
Seminar ishida institut va ilmiy-tadqiqot instituti o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish muhimligi xususida fikrlar aytildi. Shuningdek, institut izlanuvchi-tadqiqotchilari, doktarantlar va magistrlar Toshkent kimyoviy texnologiya ilmiy-tadqiqot instituti ishlanmalarini mavzu sifatida qabul qilib, olingan natijalarni temir yo‘l tizimida qo‘llashga kelishib olindi. Kelgusi yilning yanvar oyida “Bino va sanoat inshootlari qurilishi” kafedrasi dotsenti Abdujabbor Karabaev ilmiy-tadqiqot institutiga ishlanmalar mavzularini saralash va ilmiy izlanuvchilarga tavsiya etish maqsadida jo‘natilishi belgilab qo‘yildi.
Seminar ishini institut ilmiy ishlar bo‘yicha prorektori, professor Anvar Adilxo‘jaev olib bordi.

 

 

Matbuot xizmati