Xorijda malaka oshirish samarasi va istiqbollari

Oliy ma’lumotli mutaxassislarni tayyorlash sifatini oshirish, ularning iqtisodiyot va sanoat tarmoqlari faoliyatini rivojlantirishga hissa qo‘sha oladigan darajada tayyorlash oliy ta’lim muassasalarining pirovard maqsadidir. “Ta’lim to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni, 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasi, Oliy ta’lim tizimini 2017–2021 yillarda kompleks rivojlantirish dasturi ushbu ta’lim siyosatining asosiy yo‘nalishlari va amalga oshirish mexanizmlarini o‘zida aks ettiradi. Shuningdek, 2017–2018 yillar davomida oliy ta’lim tizimini rivojlantirish maqsadida bir qator Prezident Qarorlari qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 20-apreldagi “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–2909 sonli va 2018 yil 5-iyundagi “Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–3775 sonli Qarorlari hamda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rahbariyatining 2018 yil 9-avgustdagi 94 sonli bayonnomasida belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlash maqsadida institut professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish va ularning horijda stajirovkalarni o‘tashi muntazam ravishda amalga oshirib borilmoqda.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning 2018 yil 21 sentabrdagi 249 sonli buyrug‘iga asosida institut professor-o’qituvchilari, jumladan “Lokomotivlar va lokomotiv xo‘jaligi” kafedrasi mudiri I.S.Kamalov va “Ko‘priklar va tonnellar” kafedrasi mudiri U.Z. Shermuxamedovlar Rossiya Federatsiyasining Imperator Aleksandr I nomidagi Peterburg davlat temir yo‘llar universitetiga malaka oshirishga yuborildi. Ular ushbu nufuzli ta’lim muassasining malaka oshirish markazida “Seysmik ta’sirlarga ko‘priklarni hisoblash va modellashtirish”, “Lokomotivlarni texnik diagnostikasi” va “Lokomotivlarni ta’mirlash texnologiyasi” yo‘nalishlari bo‘yicha tashkil etilgan kurslarni muvaffaqiyatli yakunlab, tegishli sertifikatlarga ega bo‘ldilar.

Xizmat safari mobaynida PDTYUning “Ko‘priklar” kafedrasida “O‘zbekiston Respublikasi sharoitida transport inshootlarini loyihalash va qurishning zamonaviy holati” mavzusida, “Lokomotivlar va lokomotiv xo‘jaligi” kafedrasida “Lokomotivlar va lokomotiv xo‘jaligi kafedrasining rivojlanish istiqbollari” mavzularida ilmiy-amaliy seminarlar tashkil qilindi. Shuningdek PDTYU da o‘quv jarayonini tashkil etilishi, “Ko‘priklar”, “Lokomotivlar va lokomotiv xo‘jaligi”, “Elektr tortuvi” va “Ko‘tarib-tushirish, qurilish mashinalari va jihozlari” kafedralarida mavjud  o‘quv-uslubiy va o‘quv-me’yoriy xujjatlari, laboratoriya bazalari bilan tanishildi. Tajriba alamashilindi. Yetakchi professor va dotsentlarning ma’ruzalari, laboratoriya mashg‘ulotlarini o‘tkazish jarayonlari o‘rganildi. Toshkent temir yo’l muhandislik institutining “Ko‘priklar va tonnellar”, “Lokomotivlar va lokomotiv xo‘jaligi” va “Elektr transporti va yuqori tezlikdagi elektr harakat tarkibi”kafedralarida o‘quv jarayonida qo‘llash uchun (40 dan ortiq fanlar bo‘yicha) materiallar olib kelindi.

Muloqotlar natijasida “Ko‘priklar va tonnellar” (TTYMI) va “Ko‘priklar”(PDTYU), “Lokomotivlar va lokomotiv xo‘jaligi” (TTYMI-PDTYU) kafedralari o‘rtasida o‘zaro ilmiy-amaliy hamkorlik kelishuvlari imzolandi. Unga ko‘ra o‘quv-uslubiy adabiyotlar va darsliklar yaratish ishlari rejalashtirilgan bo‘lib,   “Poezdlarni tortish asoslari” fani bo‘yicha rus tilida o‘zaro hamkorlikdagi darslik to‘laligicha tayyorlandi. “Ko‘prikni asrash va ta’mirlash” nomli darslik yozish ishlari boshlandi.

Ta’lim sifatini oshirish, mamlakatimiz, xususan sohamiz uchun etuk, malakali kadrlarni tayyorlashda sohaning etakchi horijiy ta’lim muassaslari bilan hamkorlikni rivojlantirish, tajriba almashish, malaka oshirish va stajirovkalarni tashkil etish, hamkorlikda ilmiy va uslubiy tadqiqotlar olib borish muhim ahamiyatga ega. Shu ma’noda Respublikamiz hukumati tomonidan oxirgi yillarda qabul qilingan qarorlar bilan yaratilayotgan keng imkoniyatlardan samarali foydalanish albatta ijobiy natijalar beradi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va rahbariyatining oliy ta’lim tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qarorlari ijrosini o‘z vaqtida amalga oshirish va amaliyotda qo‘llash orqali mamlakatimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligining yuksalishi, shuningdek, mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalari jahon reytingida etakchi o‘rinlarni egallashi uchun katta imkoniyatlar yaratiladi.