Ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini ta’minlashda zamonaviy ta’lim yo‘nalishlarining ahamiyati

Mamlakatimiz fuqarolariga qulay va sifatli transport xizmatlarini ko‘rsatish, transport-kommunikatsiya tizimlarining barqaror ishlashini ta’minlash davlatimiz taraqqiyotida muhim ahamiyatga egadir.

Harakatlar strategiyasining to‘rtinchi yo‘nalishi “Ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari”da aholining hayot sharoitlarini yaxshilanishini ta’minlovchi yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish asosiy strategik maqsadlardan biri sifatida qayd etilgan. Shu maqsadda, 2017 yilning 10 oktabrida  O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ–3309 sonli “Avtomobil yo‘llari ko‘priklarini, yo‘l o‘tkazgichlar va boshqa sun’iy inshootlarni qurish hamda foydalanishni tashkil etish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida” gi Qarori qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 29 noyabrdagi PQ–2664 sonli “Toshkent metropolitenining Sergeli liniyasi qurilishi loyihasini amalga oshirish to‘g‘risida”gi Qarori asosida Toshkent metropoliteni Sergeli liniyasi, shuningdek, Yunusobod liniyasining ikkinchi bosqichi hamda Toshkent Halqa metropoliten liniyasini qurish ishlari jadal amalga oshirilmoqda.

Estakada tipida qurilayotgan Sergeli liniyasi uzunligi 7.1kmni tashkil etib, 2017–2021 yillarda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Loyihaning ahamiyatli jihati sifatida aholi eng zich joylashgan Sergeli tumanining yagona shahar transport tarmog‘iga birlashtirish imkoniyati ko‘zda tutilganligini qayd etish lozim. Shuningdek, Toshkent Halqa avtomobil yo‘li bo‘ylab qurilayotgan Halqa metropoliteni Toshkent shahri aholisiga sifatli va tezkor tranport xizmatlarini ko‘rsatishda muhim ahamiyat kasb etadi. Halqa metropolitenining umumiy uzunligi 52,1kmni tashkil etib, 35 ta bekatdan iborat bo‘ladi. Ushbu loyiha 5 bosqichda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Hozirda birinchi bosqich bo‘yicha “Do‘stlik” metro bekati va “Qo‘yliq” bozori yo‘nalishida 11km uzunlikdagi estakada tipidagi metropoliten qurilish ishlari amalga oshirilmoqda. Shahar metropoliteni infrastrukturasini takomillashtirishda “Yunusobod metrosining 2-bosqichini qurilishi” loyihasi muhim omillardan biridir. Hozirda “Yunusobod” liniyasida ikkita bekatni qurib bitkazish byicha ishlar boshlab yuborilgan. Metropolitenning tonnel qismi yopiq usulda Germaniyadan keltirilgan “HERRENKNESHT AG” mexanizatsiyalashgan tonnel burg‘ulash kompleksi (TPMK) yordamida qurilmoqda. Ushbu amalga oshirilayotgan ishlar samarasi sifatida kelgusida Toshkent yirik megapolislardan biriga aylanishi va ekologik samarador transport vositalardan foydalanish orqali shahar ekotizimi rivojlanishini qayd etish joiz.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 27 iyuldagi “Oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirishda iqtisodiyot sohalari va tarmoqlarining ishtirokini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–3151 sonli Qarori, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 62-sonli yig‘ilish bayonida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash hamda oliy ta’lim va ishlab chiqarishning integratsiyasida talabalarning bevosita qurilish jarayonlariga jalb etilishi muhim ahamiyatga ega.

Metropoliten tizimini loyihalash va qurilishini tashkil etishda loyiha institutlari va qurilish tashkilotlarini muhandis kadrlar bilan ta’minlash mutaxassislik oliy o‘quv yurtlarining ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi. Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti “Ko‘priklar va tonnellar” kafedrasi ushbu vazifani bajarib kelmoqda. Kafedrada talabalarga nazariy bilim berish va ularni amaliyotda qo‘llay olish ko‘nikmasini shakllantirish maqsadida bevosita qurilish ob’ektlariga muntazam ravishda tashriflar uyushtirib boriladi. Xususan, “Yunusobod metrosining 2-bosqichini qurilishi” loyihasi doirasida ob’ektda qurilish ishlari, jumladan tonnel qismini qurishda zamonaviy xorijiy texnologiyalarni qo‘llagan holda amalga oshirilayotgan ishlar bilan talabalarni tanishtirish maqsadida ularni qurilish ob’ektiga olib borildi. Xavfsizlik talablarini ta’minlagan holda tonnel qurilishi jarayonida foydalanilayotgan TPMK qurilmasi bilan tanishdilar.

Metropoliten qurilishida mutasaddi bo‘lgan tashkilotlarning yuqori bilim va malakali kadrlarga ehtiyojini hisobga olgan holda Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida yangi “Ko‘priklar, tonnellar va metropoliten qurilishi” bakalavriat ta’lim yo‘nalishini ochish maqsadga muvofiq. Bu orqali kelgusida mamlakatimiz ko‘priksozlik sanoati va metropoliten tizimi yanada rivojlanishi uchun xizmat qiluvchi mutaxassis kadrlar tayyorlash imkoniyati paydo bo‘ladi.

 

U.Z. Shermuxamedov

 “Ko‘priklar va tonnellar” kafedrasi mudiri