Rektor talabalarni innovatsion fikrlashga undadi

Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti rektori Marufdjan Xalikovich Rasulovning fakultetlar talabalari bilan an’anaviy uchrashuvlari bo‘lib o‘tmoqda.

Ayni vaqtga qadar Iqtisodiyot va Elektromexanika fakultetlari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda rektor M.Rasulov talabalarning tanqidiy fikrlash va muammolar yechimi yuzasidan takliflar berish xususiyatlariga e’tibor qaratdi.

Uchrashuvlarning dastlabki qismida rektor M.Rasulov 2018-2019 o‘quv yilida tashkil etilgan zamonaviy ta’lim yo‘nalishlari va sirtqi bo‘limlar, qo‘shma ta’lim dasturlari asosida talabalarni o‘qitishni tashkil qilish maqsadida etakchi xorijiy ta’lim muasasalari bilan tuzilgan shartnomalar, talabalarni ilmiy faoliyatga yo‘naltirishga va ularda innovatsion fikrlashni shakllantirishga qaratilgan chora-tadbirlar borasida qilingan ishlar yuzasidan batafsil ma’lumot berdi. Talabalarning maqsadli ilmiy izlanishlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi taklif va mulohazalarini tingladi.

Rektor M.Rasulov talabalarga yaratilgan shart-sharoitlar xususida to‘xtalib, institut yotoqxonalardagi sharoitlar, jihozlar bilan ta’minlanganligi, sanitariya holatlari, shuningdek, institutning Axborot resurs markazida yaratilgan qulayliklar, o’quv zallari, kitoblar bazasi, elektron shaklga o’tkazilgan kitoblar ro’yxatlari doimiy nazoratida turganligini misollar bilan tushuntirdi.  Yangi ilmiy hamda badiiy kitoblarni sotib olish borasidagi talabalarning takliflarini tinglashga, yozma murojaatlarini kutib qolishini ma’lum qildi.

Samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvlarda yoshlarni qiynayotgan kamchiliklar tahlil qilindi. O‘z o‘rnida rektor ham talabalarning ta’lim olishiga tanqidiy endashib, ayniqsa kasb kiyimidagi talabalarning jamoat joylaridagi xulq-atvori va odob-axloqi institut haqida noo‘rin fikrlar paydo bo‘lishiga xizmat qilayotganligini ma’lum qildi.

Tadbir so‘nggida M.Rasulov  ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan har qanday tashabbusni qo‘llab-quvvatlashini aytib o‘tdi. O‘quv yili yakunida talabalarda innovatsion fikrlashni shakllantirish borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan kafedralarning xisobotlarini tinglash taklifini kiritdi.

Uchrashuvlarda yoshlar bilan islash bo’yicha prorektor D.Baratov, o’quv ishlari bo’yicha prorektor A.Gulamov, fakultet ma’muriyati, tarkibiy tuzilma rahbarlari va tegishli kafedra mudirlari ishtirok etmoqdalar.  

 

Matbuot xizmati