INSTITUT YOSHLARI QONUNLARNI DEPUTAT VA MUTAXASSISLARDAN O‘RGANMOQDALAR

Kuni kecha institut faollar zalida “Ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun va “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ Boshqaruv raisi o‘rinbosari U.N.Tursunqulovning 2018 yil 5 oktyabrdagi “Ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risidagi” qonunning ijrosini ta’minlash haqida”gi buyrug‘ining ijrosini ta’minlash maqsadida ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

Tadbirni yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor Dilshod Baratov kirish so‘zi bilan ochdi. U o‘z so‘zida bugungi kunda o‘z tarixini, ma’naviyatini, ruhiy-madaniy qadriyatlarini anglashga yangicha yondashish jarayoni yaqqol sezilayotganligi e’tirof etdi. Bu qadriyatlar bilan bir qatorda o‘zida hech qanday bunyodkorlik dasturiga ega bo‘lmagan siyosiy va madaniy ekstremizm xavfi kuchayib borayotganligini bildirdi. Ma’naviy tiklanishlarning bunyodkorlik mohiyatini kuchaytirishga qaratilgan, bir-birini to‘ldiradigan siyosiy, iqtisodiy va madaniy dasturlar bilan bir qatorda qonunlar ham joriy etilayotganligini ma’lum qildi.

Jumladan “Ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risidagi” qonun  ekstremizmning har qanday shakli, ya’ni milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atishga qaratilgan harakatlarning ashaddiy shakllariga barham berishga qaratilganligini ta’kidladi.

Ma’rifiy tadbirda Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati,, Sotsiologiya fanlari doktori T.B.Matibaev va O‘zbekiston “Adolat” SDP Toshkent shahar Kengashi raisi R.Talipov ma’ruza bilan ishtirok etdi. Ma’ruzachilar o‘z ma’ruzalarida qonunning maqsadiga atroflicha to‘xtalib o‘tdilar. Aynan qonun esktremizmga kurashish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat bo‘lib, uning asosiy vazifalari shaxs, jamiyat va davlatning esktremizmdan xavfsizligini ta’minlash, O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumini, hududiy yaxlitligini himoya qilish, fuqarolar tinchligini, millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni saqlash hisoblanishini yig‘ilish ishtirokchilariga uqtirdilar

Qonunda ekstremistik faoliyat (ekstremizm), ekstremistik guruh, ekstremistik material, ekstremistik tashkilot va ekstremizmni moliyalashtirish kabi tushunchalar qo‘llanib, ekstremizmga qarshi kurashishning printsiplari va bu sohadagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari mustahkamlab qo‘yilganligini qayd etdilar.

Qonunda ekstremistik faoliyatni amalga oshirishga yo‘l qo‘yilmasligi to‘g‘risida rasmiy ogohlantirish chiqarish yoki taqdimnoma kiritish ekstremistik materiallarni taqiqlash, tashkilotni ekstremistik tashkilot deb topish va boshqa tadbirlar ekstremizmining oldini olishga doir choralar sifatida nazarda tutilganligi, shaxslar ekstremistik faoliyatni amalga oshirganlik uchun javobgar bo‘lishi, shaxs ekstremistik faoliyatda ishtirok etishni o‘z ixtiyori bilan rad etgan, ekstremistlarning maqsadlari amalga oshirilishining oldini olishga faol ko‘maklashgan taqdirda, qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikdan ozod etilishi hamda tashkilotlar ekstremistik faoliyatni amalga oshirganlik uchun tugatilishi, ularning faoliyati esa taqiqlanishi nazarda tutilganligini tahlil qilindi.

O‘zbekistonda Islom dinining insonparvar falsafasi, buyuk g‘oyalari yosh avlod yuragidan joy olishiga barcha sharoit yaratib berilganligi, Imom Buxoriy to‘plagan hadislar, Naqshbandiy ta’limoti, Termiziy o‘gitlari, Yassaviy hikmatlari asosida yurtimiz yoshlari tarbiyalayotganligi, oliy ta’lim muassasalarida “Dinshunoslik” faniga katta e’tibor qaratilayotganligi xususida o‘rtoqlashdilar.

Ma’ruzalar yakunida “Chorsudagi e’tiqod furushlar” nomli hujjatli filьm namoyish etildi. Ma’ruzalarning mantiqiy davomi bo‘lgan mazkur filьm barchada katta qiziqish uyg‘otib, auditoriyani bahs-munozaraga chorladi. Bu o‘z navbatida o‘tkazilgan tadbirning jonli, ta’sirchan va qiziqarli o‘tishiga imkon berdi. Savol-javob, interaktiv ko‘rinishida o‘tgan tadbir keng jamoatchilik, ayniqsa o‘sib kelayotgan yosh avlod ongining shakllanishiga, ularni yovuz ta’sirlardan asrashga, ma’naviy immunitetini kuchaytirishga yordam beradi.