O‘zbekiston-Rossiya ta’lim munosabatlari: milliy yuksalishga xizmat qiladi

O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida zamonaviy yo‘nalish va mutaxassisliklar bo‘yicha malakali kadrlar tayyorlash, ilmiy-tadqiqot sohasida o‘zaro hamkorlik borasida Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti yurtimizdagi etakchi oliygoh sanaladi.

Mustaqillik davrida institut Rossiyaning oliy ta’lim muassasalari bilan qo‘shma dasturlar asosida talabalarni o‘qitish, maqsadli ilmiy izlanishlarni olib borish, o‘quv va ilmiy adabiyotlar almashish borasida hamjihatlik va hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi.

Ayni kunlarda Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti Moskva po‘lat va qotishmalar instituti (Московский институт стали и сплавов МИСиС), Peterburg davlat temir yo‘l universiteti (Петербургский государственный университет путей сообщения ПГУПС), Rossiya transport universiteti (Российский университет транспорта МИИТ), N.E.Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti (Московский Государственный Технический Университет  имени Н.Э.Баумана), Uzoq sharq federal universiteti (Дальневосточный федеральный университет ДВФУ), Moskva arxitektura instituti (Московский архитектурный институт МАРХИ), Omsk davlat temir yo‘l universiteti (Омский государственный университет путей сообщения ОмГУПС)lari bilan mustahkam ilmiy aloqalar va transport tizimida malakali kadrlar tayyorlash maqsadida qo‘shma loyihalarni amalga oshirib kelmoqda.

Tuzilgan shartnomalar asosida o‘tgan davr mobaynida Rossiya transport universiteti (MIIT), Peterburg davlat temir yo‘l universiteti (PGUPS) va Moskva po‘lat va qotishmalar instituti (MISiS)larida 46 nafar aspirantlar ilmiy faoliyat olib bordilar.  Ayni vaqtda transport tizimiga malakali mutaxassislar tayyorlaydigan Rossiya ta’lim muassasalarida 2 nafar doktarant va 25 nafar aspirant ta’lim olmoqdalar.

Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti ta’lim–ilm-fan–ishlab chiqarish o‘rtasida uzilishlarni bartaraf etish, ular o‘rtasidagi integratsiyani mustahkamlash borasida ham Rossiya ta’lim muassasalari bilan hamkorlik dasturlarini amalga oshirdi. Jumladan, Moskva po‘lat va qotishmalar instituti (MISiS), Peterburg davlat temir yo‘l universiteti (PGUPS) va Uzoq sharq federal universiteti (DVFU)larida 105 nafar o‘zbekistonlik yigit-qizlar bitirib, injener maqomiga ega bo‘ldilar.

Shuningdek, Rossiya oliy ta’lim muassasalarida “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tomonidan tavsiya etilgan yoshlarning 45 nafari magistr, 50 nafari bakalavr darajasini egallagan bo‘lsalar, ayni kunlarda 156 nafar yoshlar balakavr bosqichida va 31 nafari magistr bosqichlarida bilim olmoqdalar.

Rossiyaning ilg‘or oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik masalalariga doimiy e’tibor qaratib kelayotgan Toshkent temir yo‘l muxandislari institutiga joriy yil 20 sentyabrda Peterburg Davlat temir yo‘l universiteti rektori Panichev Aleksandr Yurevich boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurib, temir yo‘l transporti sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash masalasi yuzasidan shartnoma imzolandi.

Shartnomada qo‘shma ta’lim dasturlari asosida talabalarni o‘qitishni tashkil etish, ikki tomonlama tan olinadigan diplom berish, o‘quv jarayoniga yuqori malakali xorijiy olimlar, o‘qituvchi va mutaxassislarni keng jalb qilish masalalari o‘rin oldi.

Kelgusida mamlakatimiz yoshlari ta’limning magistratura bosqichini Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida boshlab, Peterburg Davlat temir yo‘l universitetida yakunlash imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Shuningdek,  ushbu kelishuv yurtimizda Bino va inshootlar qurilishi,  Suv ta’minoti,  kanalizatsiya, suv resurslarini muhofaza qilish va ulardan samarali foydalanish,  Ko‘priklar, tonnellar va metropoliten qurilishi,  Elektr ta’minoti, Elektr texnik majmualar va tizimlar, Iqtisodiyot, Menejment, Tezyurar temir yo‘l mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlashda ilmiy izlanishlarni muvofiqlashtirish va chuqurlashtirishga  xizmat qiladi.

“O‘zbekiston-Rossiya ta’lim forumi” yakunlari bo‘yicha  hamkorlikni yanada rivojlanishida Toshkent temir yo‘l muhandislari institutining ham o‘z o‘rni bo‘ladi.