“Nurli navolar” – do’stlik navosi

Navoiy viloyati Nurota tumanida o’tkazilgan “Nurli navolar” xalqaro folklor festivalida institutimiz badiiy rahbari, Toshkent shahridagi “Durdona” folklor ansambli a’zosi Shoxsanam Shodijonova ishtirok etdi, jamoa uchinchi o’rinni qo’lga kiritdi.

Xalqaro festivalda Qozog’iston, Afg’oniston, Tojikiston va boshqa davlatlardan tashrif buyurgan 20 dan ziyod folklor san’ati fidoyilari, respublikamizning turli hududlaridan kelgan folklor – etnografik jamoalar va taniqli olimlar ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 2 – mart kuni Navoiy viloyatiga tashrifi davomida Xatirchi tumanida o’tkazilgan yig’ilishdagi ko’rsatmalari asosida Nurota tumani va Navoiy shahrida respublikamiz hamda xorijiy davlatlarda faoliyat ko’rsatayotgan folklor jamoalari ishtirokida “Nurli navolar” xalqaro folklor festivalini o’tkazish belgilangan edi.

Festival doirasida kitobxonlik targ’iboti va olimlar bilan muloqotlar, so’zana va o’tov kabi hunarmandchilik namunalari yaratayotgan qo’li gul ustalar hamda tasviriy va amaliy san’at yo’nalishlarida ijod qilyotgan yosh iste’dod egalarining ko’rgazmalari, milliy kurash, xalq o’yinlari va an’anaviy maydon tomoshalari san’ati namoyondalarining dasturlari namoyish etildi.