Jarlik iskanjasi: mahdudlik yoki xudbinlikdan ogoh bo’ling

Institut faollar zalida yoshlar o’rtasida behayolik, zo’ravonlik va shavqatsizlikni targ’ib etishni oldini olishga bag’ishlangan yig’ilish o’tkazildi.

Unda “O’zbekiston temir yo’llari” AJ Sog’liq saqlash xizmati boshlig’i, xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati, O’TY Ma’naviyat va ma’rifat kengashi a’zosi targ’ibot – tashviqot guruh rahbari, O’zbekiston temiryo’lchilari va transport quruvchilari kasaba uyushmasi RK rayosat a’zosi, sotsiologiya fanlari doktori Toshpo’lat Matibaev, prorektor Dilshod Baratov, dekan muovinlari, murabbiylar kengashi, yoshlar ittifoqi boshlang’ich tashkiloti faollari, guruh murabbiylari hamda talabalar ishtirok etdi.

Tadbirni prorektor Dilshod Baratov olib bordi. Yig’ilish mavzui, maqsadi va mehmoni bilan tanishtirgach, so’z navbatini sotsiologiya fanlari doktori Toshpo’lat Matibaevga berdi.

Mutaxassis o’z so’zini dunyo yigirma birinchi asrga qadam qo’ygan, ozodlik va demokratiya barcha mintaqalarda mustahkamlanayotgan bir paytda yuz minglab erkaklar, ayollar va bolalar mehnatidan foydalanish, ularga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo’lish va ularning azoblari evaziga foyda olayotgan kimsalarning borligi afsuslanarli hol ekanligini keltirish bilan boshladi.

— 2017 yilda jinoyat sodir etgan fuqarolar orasida ayollar 14,5%ni, erkaklar 85,5%ni tashkil etadi, — deydi mutaxassis Toshpo’lat Matibaev. — Taqsimlashdan ko’rinadiki, poraxo’rlikda ayollarning hissasi 27,3%ga, o’zlashtirish yoki rastrata yo’li bilan talon-taroj qilish jinoyatida 17,8%ni, firibgarlikda 17,5%ni, o’g’rilik jinoyatida12,3%ni, qasddan odam o’ldirish 12%ni,bezorilik jinoyatida 8,8%, qasddan badanga og’ir shikast yetkazishda 8,3%ni tashkil etadi. Bunday jinoyatlar kundalik hayotimizda uchrayotgani davlatimiz iqtisodiyoti uchun katta xavfdir. Demak, bu borada qilishimiz zarur bo’lgan vazifalar haliyam mavjud. Siz, talabalar ham ogoh bo’lishingiz, daxldorlik hissi bilan yashashingizni davrning o’zi taqozo qilmoqda.

Shundan so’ng “Jarlik iskanjasi: mahdudlik yoki xudbinlik” hujjatli film namoyish etildi. Ma’ruzaning bilvosita davomi bo’lgan mazkur film barchada qiziqish uyg’otib, auditoriyani bahs – munozaraga chorladi. Bu o’z navbatida o’tkazilgan tadbirning jonli, ta’sirchan va qiziqarli o’tishiga imkon berdi. Savol – javob, interaktiv ko’rinishda o’tgan tadbir yosh avlod ongining shakllanishiga, ularni yovuz ta’sirlardan asrashga, ma’naviy immunitetini kuchaytirishga katta yordam berdi.

Yig’ilish so’ngida notiqqa minnatdorchilik bildirildi.