Respublika fan olimpiadasining yakuniy bosqichi o’tkazildi

Toshkent temir yo’l muhandislari institutida Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi bilan hamkorlikda “Elektrotexnikaning nazariy asoslari” fanidan talabalar Respublika fan olimpiadasining yakuniy bosqichi o’tkazildi.

Olimpiada O’zbekiston Respublikasi “Ta’lim to’g’risida”gi qonuni, Kadrlar tayyorlash milliy dasturiga muvofiq talaba-yoshlarning mutaxassislik va umumkasbiy fanlar bo’yicha qobiliyatlarini namoyon etish va rivojlantirish, iste’dodlarini ro’yobga chiqarishga keng imkoniyatlar yaratish maqsadida tashkil etildi.

Unda Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika unversiteti, Farg’ona politexnika instituti, Qoraqalpoq davlat universiteti, Qarshi muhandislik – iqtisodiyot instituti, Namangan muhandislik – qurilish instituti, Navoiy davlat konchilik instituti, Buxoro muhandislik – texnologiya instituti, Jizzax politexnika instituti, Toshkent irrigatsiya va melioratsiya instituti hamda I.Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika unversiteti Olmaliq filialidan talabalar ishtirok etdi.

Olimpiada avvalida institut prorektori, tashkiliy qo’mita a’zosi Feruza Karimova so’zga chiqib, ishtirokchilarni samimiy qutladi, “O’zbekiston temir yo’llari” AJ va institut faoliyati bilan tanishtirib o’tdi hamda “Elektrotexnikaning nazariy asoslari” fanidаn talabalar Respublika fan olimpiadasini ochiq deb e’lon qildi.

Qur’a tashlash yo’li bilan hakamlar, mandat va adolat hay’ati tarkiblari aniqlandi.

Ikki kun davomida o’tkazilgan olimpiada 4 ta: yozma, test, laboratoriya hamda og’zaki savol – javoblar shartidan iborat bo’ldi.

Hakamlar hay’ati barcha turlar bo’yicha topshiriqlarni tekshirib, o’z xulosasini berdi. Unga ko’ra Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika unversiteti talabasi Sardorbek Matkarimov 3 – o’rinni, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo’jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti talabasi Mashrab Abdullayev 2 – o’rinni egalladi. Olimpiada g’olibi Toshkent temir yo’l muhandislari instituti talabasi Muhriddin Yorqulov bo’ldi.