Bu – faqat hukumatimizning vazifasi emas…

Toshkent temir yo’l muhandislari institutida O’zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo’yicha qo’mitasi, Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Oʻzbek milliy akademik drama teatri hamkorligida profilaktik tadbir tashkillashtirildi.

Talaba-yoshlar o’rtasida diniy ekstremizm, terrorizm va uning salbiy oqibatlariga qaratilgan profilaktik tadbirlarni kuchaytirish maqsadidagi uchrashuv “Biz diniy ekstremizm va terrorizmga qarshimiz!” mavzuida o’tkazildi.

Uchrashuv avvalida diniy ekstremistik oqimlar ta’siriga tushib qolgan insonlar qismati to’g’risidagi “Tafakkur ehtiyoji” filmi namoyish etildi.

O’zbekiston azaldan turli millatga mansub, turli dinlarga e’tiqod qiluvchi xalqlar tinch-totuv yashagan o’lka bo’lib kelgan. Ajdodlarimiz boshqa din vakillariga doimo hurmat bilan munosabatda bo’lgani, Vatan taraqqiyoti yo’lida yelkadosh bo’lib mehnat qilgani tarixiy manbalarda ko’p qayd etilgan.

Diniy ekstremizm dunyodagi deyarli barcha mamlakatlarda shaxs, jamiyat va davlatning hayotiy muhim manfaaatlariga tahdid solib kelmoqda. Jumladan, diniy ekstremistik oqim tarkibiga kirib qolgan shaxs: – oilasi, qarindosh-urug’lari va yaqin insonlaridan mahrum bo’ladi; – jamiyatdagi ijtimoiy mavqeini yo’qotadi, chuqur ilm olish, yaxshi kasb egas bo’lish va hayotda munosib o’rin egallash imkoniyatlaridan ayriladi; – yon-atrofidagi jarayonlarga shaxsiy munosabatga ega bo’la olmay, voqelikka faqat DEO nuqtai-nazaridan qarashga majbur bo’ladi; – umri qamoqda yoki o’zga yurtlarda xor-zor va sargardonlikda o’tadi, ota-onasi, turmush o’rtog’i va farzandlari oldidagi insoniy majburiyatlarini bajara olmaydi Yosh avlodning turli yot oqimlar ta’siriga tushib qolishini oldini olish to’g’risida g’amxo’rlik faqat hukumatimiz yoki ta’lim muassasalarining vazifasi emas, balki har bir ota-onaning ham muhim burchlaridan biridir.

O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo’yicha qo’mita ma’sul xodimi Zulxaydar Sultonov, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist Xosiyat Husanovalar ana shular xususida batafsil to’xtaldi, talaba-yoshlarni ogoh bo’lishga, tinchlikning qadriga yetishga, tinchlik uchun har birimiz o’z hissamizni qo’shishimiz zarurligini ta’kidladi.

Uchrashuv mustaqil fikrlaydigan, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat bilan qaraydigan, qat’iy hayotiy e’tiqod va qarashlarga ega bo’lgan, milliy mentalitetimizga yot zararli ta’sirlarga qarshi turishga qodir yoshlarni tarbiyalashga qaratildi.